Falastin rasmiylarining aytishicha, Prezident Donald Tramp ko’makni kamaytirishni po’pisa qilib, falastinliklarni qo’rqita olmaydi.
AQSh rahbari bizning tinchlik, erkinlik va adolat izlab qilayotgan harakatlarimizga bolta urdi, deydi Hanan Ashraviy, endi esa o’z qarorining oqibatlari uchun falastinliklarni ayblamoqda.
Donald Tramp fikricha, u Quddusni Isroil poytaxti sifatida tan olib, muzokaraning eng chigal qismini hal qildi. Ammo, deydi u, Falastin tinchlik muloqotidan bosh tortar ekan, AQSh ularga moliyaviy yordamni ham to’xtatadi.
AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeyli buni tasdiqlamoqda.
“Falastinliklar muzokara stoliga qaytmaguncha ularga qo’shimcha madad berilmaydi yoki yordamni butunlay kesamiz. BMT Bosh Assambleyasining Quddus bo’yicha qarorimizni qoralagan rezolyutsiyasi ham yodimizda. Tinchlik jarayoni oldinga siljishi kerak, aks holda Falastin ko’makdan quruq qoladi”, - deydi AQSh elchisi.
Falastin Prezidenti Mahmud Abbosga ko’ra, Qo’shma Shtatlar elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko’chirish rejasi bilan o’zini vositachilik huquqidan ayirdi.
Bosh Assambleya o’tgan oy qabul qilgan hujjatda Quddus Isroilga tegishli emasligi, shahar maqomi muzokara orqali hal bo’lishi qayd etilgan.