AQSh Prezidenti Donald Tramp dunyo musulmonlarini muqaddas Ramazon oyi kirib kelgani bilan qutladi.
"Amerika xalqi nomidan barcha musulmonlarni Ramazon ayyomi bilan tabriklayman", - dedi u.
AQSh rahbari yaqinda Saudiya Arabistoniga uyushtirgan tashrifini tilga olib, 50 dan ortiq musulmon davlatlari rahbarlari bilan uchrashuv sharaf bo'lganini qayd etdi.
"Musulmon dunyosidagi ikki muqaddas dargoh joylashgan maskanda barcha davlatlar va butun dunyo uchun tinchlik, xavfsizlik va hamkorlik o'rnatish niyatimizni oshkor qildik", - deydi Tramp bayonotida.
Bayonotda, shuningdek, terrorizm va zo'ravonlik mafkurasiga qarshi kurashda AQSh musulmonlar bilan hamkorlik qilishi aytiladi.
"Kelinglar, Ramazon oyida kelajak avlodlarimiz zo'ravonliklardan xoli, tinchlikda ibodat qilishlari uchun terrorga qarshi barcha choralarni ishga solishga kelishib olaylik", - deydi Tramp.
"Ramazonni xayr-ehson, ro'za va ibodat bilan o'tkazar ekansiz, men hamma joydagi musulmonlarga eng yaxshi tilaklarimni tilayman", - deya qo'shimcha qilinadi bayonotda.