Donald Tramp shu yil kuzda o’tadigan prezidentlik saylovlarida yevangelchi nasroniylar va boshqa diniy guruhlar qo’llab-quvvatlovini olishga shay. Prezident chiqishlarida e’tiqod erkinligiga urg’u bermoqda.
Amerikada jamoat maktablarida o’quvchilar ibodat qilishi shart emas. Oliy sudning 1962-yilgi qaroriga ko’ra, maktablar homiyligidagi ibodatlar konstitutsiyaning mamlakatda rasmiy din bo’lmaydi, degan bandiga ziddir.
Ammo o’quvchilar, xohlasa, maktab territoriyasida o’zi yoki guruh bo’lib iborat qilishga haqli.
Prezident Tramp Oq uyga bir guruh nasroniy, yahudiy va musulmon muallimlar va o’quvchilarni taklif qildi. Diniy huquqlarni buzgan maktablar federal yordamdan quruq qoladi, deydi u.
“Ibodat qilish huquqi - juda muhim va kuchli huquq”, - deydi prezident.
Oq uyning bildirishicha, prezident bilan uchrashganlar diniy kamsitishlarga uchragan. Tramp demokratlarni dindorlarga qarshi urush olib borayotganlikda aybladi.
“Radikal so’lchilar orasida e’tiqodni jazolash, cheklash va hatto man etish impulsi kuchayib bormoqda”, - deya da'vo qildi AQSh rahbari.
Tramp ma’muriyati maktablarda ibodat qilishga doir ko’rsatmalarni yangiladi. Diskriminatsiyaga uchragan o’quvchilar uchun shikoyat qilish jarayoni osonlashadi.
AQSh rahbari amaldagi qonunlarga o’zgartirishlar kiritishni taklif etgani yo’q.
"Bu mexanizmlar allaqachon mavjud. Prezident E’tiqod erkinligi kunida shunchaki gapirdi qo’ydi. Tarafdorlarini xursand qilish uchun aytilayotgan gaplar”, - deydi tahlilchi Kvadrikos Driskel.
Prezident Tramp Floridada dindorlar bilan uchrashib, maktablarda ibodat odatini tiklashni va’da qildi.
“Biz nafaqat konstitutsiyaviy huquqlarimizni, balki hujumga uchrayotgan dinni himoya qilayapmiz”, - deydi u.
Yevangelchi xristianlarning 80 foizdan oshig’i Trampga ovoz bergan. Bu 1970-yillar oxirida boshlangan harakatning davomidir. O’shanda konservativ protestant va katoliklar siyosiy targ’ibotni nasroniy qadriyatlarga qaytishning bir vositasi sifatida qabul qilgan.
“Tarixiy nuqtai nazardan olib qaraganda, diniy erkinlik himoyasi har bir fuqaroning e’tiqodini himoya qilish deb qaralar edi. 1980-yillardan boshlab esa ushbu ta’rif murakkab tus oldi, chunki siyosiy ambitsiyalar bilan aralashib ketdi”, - deydi Texas universiteti professori Chad Siyels.
Tramp ma’muriyati ijtimoiy xizmatlar ko’rsatuvchi diniy guruhlarning federal hukumatdan yordam olishini osonlashtiruvchi takliflar bilan chiqmoqda. Qonunga ko’ra, diniy tashkilotlar mijozlariga ayni xizmatni ko’rsatuvchi boshqa agentliklar haqida ham ma’lumot berishi kerak. Tramp bu talabni ham o’zgartirmoqchi.