Tunis sudi sobiq prezident Zaynobiddin bin Ali, uning qizi va kuyovini uzoq muddat qamoqqa mahkum etib, davlat mulkini o’margani uchun 100 million dollar jarima solgan.
Shu yilning yanvarida xalq qo’zg’olonidan qochgan sobiq prezident oilasi bilan hozir Saudiya Arabistonida jon saqlamoqda.
Tunis sudi bin Alini korrupsiyada va mansabni suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topdi. Hujjatlarda aytilishicha, sobiq prezident oilasi uchun uy-joy xarid qilayotib, noqonuniy ravishda katta chegirmalar olgan.
Bin Ali va uning kuyovi, bir paytlar katta tadbirkor bo’lgan Sahar al-Motiriyga 16 yil qamoq jazosi berildi. Qizi Nasrinaga esa sakkiz yil.
Sal oldin ham Zaynobiddin bin Ali ikki bor sud qilinib, yurt mulkini jinoyatkorona sarflaganlik, qurol-aslaha va qoradori savdosiga aloqadorlikda aybdor topilgan edi.
Sobiq prezidentning turmush o’rtog’i, o’g’rilik va bir dunyo qimmatbaho zebi-ziynatni o’zlashtirganlikda ayblangan Laylo Travelsiga ham jazo chorasi belgilangan.
Zaynobiddin bin Aliga yana 100 dan ziyod ayblovlar qo’yilgan va ayrimlari uchun o’limga mahkum qilinishi mumkin. Uning advokatlari da’volar asossiz va adolatsiz ekanini aytmoqda.
Tunisni 23 yil boshqargan bin Ali ma’muriyati poraxo’rlikka botib, repressiyani qurol qilgan, xalqni qo’zg’atgan ham ana shu illatlar edi.
Tunisdagi to’ntarish arab dunyosidagi boshqa davlatlar ahliga namuna bo’ldi. Uzoq yillar korrupsiya, ishsizlik, qimmatchilik va bosim ostida yashagan xalqlar isyon ko’tara boshladi.
Zaynobiddin bin Alining sudini Misr diqqat bilan kuzatmoqda. Inqilobni boshidan kechirgan bu davlat sobiq rahbari Husni Muborakning sudi kelasi hafta boshlanadi.