Turkiya alaviylari Suriyadagi vaziyatdan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Aholisining aksariyati sunniylar bo'lgan Suriyaning amaldagi prezidenti Bashar al-Assad shia mazhabining alaviylar guruhiga mansub.

Turkiya hukumatining Suriyadagi muxolif kuchlarni qo’llab-quvvatlashi mamlakatda alaviylar noroziligiga sabab bo’lmoqda. Ayrim manbalarga ko’ra, Turkiya aholisining chorak qismi shia mazhabining Alaviy guruhiga mansub.

Istanbulda o’tgan alaviylar yig’inida jamoa yetakchilaridan biri Ali Kenano’g’li Turkiya bosh vazirining Suriyadagi qo’zg’olonni qo’llab-quvvatlashini noto’g’ri siyosat deya baholadi.

Hubyar Sulton Alaviy jamiyatiga rais Kenano’g’li hukumatning sunniylar qo’zg’olonini dastaklashi hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi tarafdorlariga ma’qul bo’lishi mumkin, biroq Turkiya alaviylari orasida xavotir uyg’otadi, dedi.

Suriya muxolifatining demokratiya bilan ishi yo’q, deydi u. Kenano’g’lining fikricha, muxolifat Suriyadagi alaviylar orasiga qo’rquv solmoqda, chunki o’tmishda alaviylar ayrim sunniy yetakchilari qo’lida ko’p jabr chekkan.

O’tgan oy turk alaviylari Suriya chegarasida prezident Bashar al-Assadni qo’llab-quvvatlab namoyishga chiqdi. Bu Turkiyadagi alaviylar uchun misli ko’rilmagan katta qadam, deydi Istanbuldagi alaviylarning Hoji Bektosh madaniyat jamg’armasi yetakchisi Komil Oyqanot.

Uning aytishicha, turk va arab alaviylari o’rtasida ayrim diniy va madaniy masalalarda farqlar bo’lsa-da, lekin ularni umumiy birodarlik rishtalari bog’lab turadi.

Biznikilar Anatoliya alaviylari, suriyaliklar esa arab alaviylari, deydi Oyqanot. Lekin dunyoning qaysi burchagida bo’lmasin, alaviy so’zi tilga olinganda, barchamizni bog’lab turuvchi umumiy birodarlik tushuniladi, deydi u.

Turkiyada alaviylarning aniq soni haqida rasmiy ma’lumot yo’q. Ayrim manbalarga ko’ra, bu guruh vakillari aholining chorak qismini tashkil etadi.

“Haberturk” gazetasi siyosiy sharhlovchisi Soli O’zelning fikricha, ko’plab turk alaviylari hukumatdagi “Adolat va taraqqiyot” partiyasini sunniylar himoyachisi deb biladi. Turk hukumatining Suriyadagi muxolifatga xayrixohligi orqasidan bunday qarash yanada kuchaymoqda.

“Diniy guruhbozlik kuchli mintaqada Turkiya o’zini fitnadan uzoq tuta oladimi, bilmayman. Hozirgi vaziyat bu mamlakatdagi sunniy va alaviylar o’rtasidagi tarqoq munosabatlarga qanday ta’sir etishi ham hali mavhum. Ammo ma’lum darajada ayrim ziddiyatlarga sabab bo’lishi mumkin”, deydi sharhlovchi.

Alaviylar masjidda ibodat qilmaydi, erkak va ayollari birga namoz o’qiydi. Sunniylar ularning haqiqiy musulmon ekaniga shubha qiladi.

Turk alaviylari o’tmishda ko’p bor zug’um va qatag’onga uchragan.

Masalan, 1993-yil alaviylar yig’in o’tkazayotgan mehmonxonaga dindor radikallar o’t qo’yib, ko’plab alaviylar halok bo’lgan edi. Madaniyat jamg’armasi rahbari Oyqanotning aytishicha, agar Suriyadagi mojaro diniy to’qnashuvga aylansa, ziddiyatning Turkiyaga ham yoyilish xavfi bor.

Shunday bo’lgan taqdirda, deydi Oyqanot, turk alaviylari tezda birlashib, muammoga yechim izlaydi. Chunki ular o’tmishda bunday to’qnashuvlarda ota-bobolariga nimalar bo’lganini yaxshi bilishadi, deydi u.

Suriyada zo’ravonliklarning kuchayishi Turkiyadagi alaviylarni tobora xavotirga solmoqda. Ular orasida mojaroning Turkiyaga yoyilishini istamaydigan va bunga ishonmaydiganlar talaygina. O’zaro farqlar bo’lishiga qaramay, Turkiya alaviylari sunniylar bilan turk milliy mafkurasi ostida birlasha oladi, deydi mahalliy alaviylardan biri.

Uning aytishicha, turklar suriyaliklardan farq qiladi. Bu yerda sunniylar va alaviylar o’rtasida birodarlik ruhi bor, shuning uchun ular orasida janjal chiqishiga ko’zim yetmaydi, deydi u.

Ammo turk ommaviy axborot vositalari Suriyadagi dahshatlar aks etgan surat va videolarni kun sayin xalqqa ko’rsatishda davom etmoqda. Ayrimlar bu voqealarga diniy tus bermoqda. Bu esa turk alaviylari orasida qo’rquvning oshib borishiga sabab bo’lmoqda.