Turkiya Qora dengiz savdo yo’llarini minalardan tozalash bo’yicha Bolgariya va Ruminiya bilan hamkorlik kelishuvini imzoladi. Bu Ukrainaning jahon bozorlariga g‘alla yetkazishini osonlashtiradi. Shu bilan birga, Turkiya minalardan tozalash uchun mintaqaga NATO kemalari kirishiga qarshi.
Istanbulda erishilgan kelishuvga ko’ra, Turkiya, Bolgariya va Ruminiya Qora dengizni hamkorlikda minalardan tozalashadi.
Minalar g’alla va energiya eksporti uchun muhim bo’lgan suv yo'llari uchun katta xavf tug’diradi.
“Savdo kemalari minalarni aniqlay olmaydi, chunki ular doim ham suv yuzasida emas. Aniqlashsa ham, kech bo’lishi mumkin”, - deydi dengiz mudofaasi bo’yicha tahlilchi Tayfun O’zberk.
Tahlilchilar deydiki, minalar xavfi bartaraf etilishi Ukrainaning jahon bozorlariga mahsulot yetkazishini osonlashtiradi. Turkiya va BMT vositachiligida erishilgan eksport kelishuvini Rossiya o’tgan yili tark etgan edi.
Rossiya kemalar xavfsizligini kafolatlay olmasligisini aytib, Ukraina eksportiga tahdid qilyapti, deydi tahlilchilar.
Buni ham ko'ring Ukrainani minalardan tozalashga yillar kerak bo’ladi“Umid qilamanki, minalar tozalanishi Ukraina eksporti uchun foydali bo’ladi. Rossiya kelishuvdan chiqqan. Lekin yangi tashabbusimiz tufayli balki Rossiya yana muzokara stoliga o‘tirar”, - deydi Turkiya prezidenti maslahatchisi Mesut Jashin.
Turkiya minalarni zararsizlantirish uchun zamonaviy texnologiyalarga ega. Ruminiya va Bolgariya ham yordam beradi. Biroq ular oldida turgan vazifa oson emas.
“Dengiz minalari joylashuvi va soni noma'lum. Avval ularni aniqlash, keyin esa yo'q qilish kerak bo’ladi. Bu esa ancha vaqt oladi”, - deydi Tayfun O’zberk.
Britaniya minalardan tozalash kemalarini yordamga yuborishni taklif qilgan. Ammo Turkiya Montryo konventsiyasiga ishora qilib, hududga harbiy kemalarni kiritmay keladi.
NATO a’zosi Turkiya mojaroga barham berishni ko’zlab, Gʻarb, Rossiya va Ukraina bilan munosabatlarini muvozanatlashga harakat qilmoqda. Tahlilchilarga ko’ra, Qora dengizda minalar xavfi bartaraf etilishi ana shu maqsad sari kichik bir qadam bo'ladi.