Ukrainalik fermer Yuriy Vovchenko Rossiya ishg’oli davridagi faoliyatini dard bilan eslaydi. Ishchilari otilgan, chorvasi qirilgan. Rus qo’shinlari hududdan 2022-yilning sentabrida chekingan bo’lsa-da, ortidan halokatli iz qoldirgan.
43 yoshli Yuriy Vovchenko - Xarkovda yashab kelayotgan dehqonlar sulolasining beshinchi avlodi. Urush davomida bir muddat Rossiya okupatsiyasini ko’rgan fermer hamon ajdodlari ishini davom ettirmoqda.
Ruslar chekindi, biroq ular ortidan mina “ekilgan” dalalar qoldi. Vovchenko minalangan 6 ming gektar yerini ishchilari bilan birga qo’lda tozalagan.
“Dalada yurib uni ekinga tayyorlash xatarli edi. Ammo bu ishni qoldirib bo’lmasdi. Bu yil yerga ishlov bermasak, kelasi yil hosilidan umid qilmasak ham bo’ladi”, - deydi Vovchenko.
Ekilayotgan donni u markaziy Ukrainadagi hamkasbidan olgan. O’zidagi urug’lik zaxirasini ruslar o’t qo’yib, nobud qilgan. Xarkov 2022-yilning martidan sentabrigacha Rossiya nazoratida edi. Vovchenko ana shu davrni alam bilan eslaydi.
“Bizni banderachi natsistlar deyishdi. Miltiq o’qtalgan odam bilan qanday bahslashasan”, - deydi fermer.
Chorvani rus askarlar og’ilxonaga qamab, ularni boqishga ruxsat bermagan. Shuningdek, molxonalarni minalashtirgan. Vovchenkoning 2000 tadan ziyod sigiri bor edi. Hozir 200 tasi omon qolgan.
“Sigirlar minalarni bosib, may-mayda bo’lib ketardi. Yana qanchasi mina bo’laklaridan qirildi. Minani bosgan sigirdan tashqari yonidagi ikki-uchtasiga ham oskolka tegib, o’lib ketardi”, - deya hikoya qiladi u.
Urushgacha Vovchenko Ukrainadagi fransuz yogurt kompaniyasi bilan ishlagan. Bugungi kunda u sutni mahalliy bozorda sotishga majbur. Savdodan ko’rayotgan daromadi ishchilari maoshiga yetadi, xolos.
Hisob-kitoblariga ko’ra, Rossiya bosqinidan u 15 million dollar atrofida zarar ko’rgan.
Yo’qotishlarimning bir qismini tiklasa bo’ladi, ba’zilarini esa yo’q, deydi Vovchenko. Hududni bosib olganda uning olti ishchisini rus askarlari qiynab o’ldirishgan va yoqib yuborishgan.
“Hudud ozod etilgandan keyin DNK analizi yerto'lalarda yoqib yuborilganlar bizning odamlar ekanligini ko’rsatdi”, - deydi u.
Urushdan oldin Vovchenko 250 ga yaqin odamni ish bilan ta’minlagan. Ferma bugun Balakleya shahrida aholiga ish taklif qilayotgan yagona joy bo’lib qolmoqda
Facebook Forum