Yevropa Ittifoqi Turkiyaning blokka qo'shilish harakatlarini, reformalar samarasini baholab, har yili hisobot chiqaradi. Bu yilgisida ham inson huquqlari borasidagi vaziyat keskin tanqid qilinishi kutilmoqda, ammo hisobot kechiktirilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Turkiya siyosiy va iqtisodiy ittifoqning to'laqonli a'zosi bo'lish uchun 1990-yillarda harakatini boshlagan. Qator shart-talablarga ko'nishi va ularni bajarishi kerak.
Yevropa Ittifoqining yillik hisobotida Turkiyaning adliya tizimi haqiqatan mustaqil ekani savolga tutilishi, so'z erkinligi tobora cheklanayotgani tanqid qilinishi aniq.
1-noyabr kuni Turkiyada saylov. "Adolat va taraqqiyot" partiyasi parlamentdagi mavqeini tiklamoqchi va Bryusseldan hisobotni hozir e'lon qilmaslikni so'ragan.
Yevropa bu talabga rozilik bergani Anqara Bryusselga so'zini o'tkaza olganidir, deya talqin etilmoqda. Chunki Yevropa Ittifoqi qochinlar oqimini kamaytirishda Turkiyaning yordamiga muhtoj. Yil boshidan buyon Suriya va boshqa mamlakatlardan Yevropaga qariyb 600 ming odam kelgan, aksariyati Turkiya hududi orqali.
"Human Rights Watch" inson huquqlari tashkiloti vakili Emma Sinkleyr nazarida, ittifoq siyosiy maqsadlar yo'lida inson huquqlari masalasini chetga surmoqda.
"Yevropaning maqsadi qochqinlarga oid kelishuv imzolash, lekin Turkiyadagi vaziyatga panja orasidan qaramasligi kerak", - deydi u.
Yevropaga a'zolik yuzasidan muzokaralarda huquq va matbuot erkinligiga jiddiy ahamiyat qaratiladi. Faollar Turkiya bu borada past bahoga loyiq desa-da, Bryussel qochqinlar bobidagi hamkorlik evaziga Anqara bilan muzokaralarni qayta boshlashga rozi.
Yevropa parlamenti a'zosi Richard Xovitga ko'ra, Yevropa Komissiyasi yillik hisobotini kechiktirib, parda ortida Turkiya bilan "iflos bir kelishuv" imzolashga harakat qilayotgandek.
Siyosatshunos Soli O'zel ham Yevropa o'z nomiga dog' tushirmoqda, deb hisoblaydi.
"Yevropa Ittifoqi o'z tamoyillariga xiyonat qilayapti. Qochqinlar inqirozi shuni ko'rsatdiki, zarur bo'lsa ikkiyuzlamachilik bosh o'ringa chiqadi, prinsiplarga sodiqlik esa istisno. Turkiya xalqi o'z muammolariga o'zi yechim topishi kerak", - deydi O'zel.
Yevropa Ittifoqi saylov oldidan Anqaradagi rahbarlar bilan muzokara qilayotgani ham tanqidga olinmoqda. Ommaviy so'rovlar natijasiga qaraganda, biror partiya mutlaq g'alaba qila olmasligi mumkin. Shunday ekan, Bryussel noyabrdan keyin yangi rahbarlar bilan qayta muzokara qilsa ajabmas.