Suriyadagi jihodda qatnashish uchun Yevropadan Turkiyaga borgan shaxslar deportatsiya qilinmoqda. Radikal guruhlarni jilovlash borasida G’arb bosimining oshishi Anqarani shunday chora qo’llashga majbur qildi.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligidagi manbaga asoslanib mahalliy matbuotning xabar qilishicha, shu yil Suriyadagi jihodchilar guruhiga qo’shilish maqsadida kelgan mingdan ortiq yevropalik Turkiyadan chiqarib yuborilgan.
Nomini oshkor qilmagan rasmiyga ko’ra, deportatsiya qilingan shaxslarning aniq soni noma’lum, ammo Anqara bu ishni g’arblik hamkorlari bilan birgalikda amalga oshirmoqda.Your browser doesn’t support HTML5
Diplomatik aloqalar bo’yicha mutaxassis Semih Idiz fikricha, bu qadam Turkiya siyosatidagi o’zgarishdan darak beradi. Anqara shu paytgacha Suriyaga otlangan jihodchilar uchun yo’lni ochib berayotganlikda ayblanayotgan edi.
Idiz radikal kuchlarning oshib borayotgan xavfidan Anqara ham xavotirga tushganini aytadi.
“Turkiya qaynoq nuqtada joylashgan. U jihodchi kuchlar faol bo’lgan Kavkaz, Bolqon mintaqasi bilan tutash. Dog’istonni yoki Chechenistonni olib ko’ring. Yevropada ham jihodga xayrixoh islomiy jamiyatlar bor. Turkiya ularni o’rtada bog’lovchi ko’prik vazifasini bajaryapti. Ammo rasmiy Anqara buni istamaydi, shuning uchun vaziyatni nazorat ostiga olishga urinyapti”, - deydi Semih Idiz.
Tahlilchilar fikricha, Turkiyaning Suriyadagi kurashda jihodchilar tayanchiga aylanayotgani yuzasidan G’arbning, ayniqsa, Vashingtonning Anqaraga nisbatan bosimi kuchaygan.
May oyida Turkiya bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’anning Vashingtonga tashrifi davomida prezident Obama shu masalani ko’targani aytiladi.
Idizga ko’ra, Yevropa ham bosimni kuchaytirgan.
“Nazarimda, bosim kuchaygan. Yevropadagi rasmiy bayonotlardan shuni bilamizki, ayniqsa, Fransiya, Britaniya va Germaniyada hukumatlar Suriyaga jo’nayotgan fuqarolarining yanada radikallashib, vatanga jihod g’oyalari bilan qaytishidan xavotirlanmoqda. Bu odamlar faqat bir maqsad – jihod uchun kurashmoqda. Jihod esa umumjahon harakati. U bugun Damashqda, so’ngra Frankfurtda bo’y ko’rsatishi mumkin”, - deydi turk jurnalisti.
Qodir Xosh universitetida xalqaro aloqalar bo’yicha dars beruvchi Soli O’zelning aytishicha, hozir Anqara va Yevropa o’rtasida ziddiyat kuchaygan. Anqaraga ko’ra, muammoni yechishda yevropaliklar yetarli darajada yordam ko’rsatmayapti.
“Turkiya hukumatining noroziligi shundaki, Yevropa davlatlari hukumatlari Turkiyaga kim va nima uchun safar qilayotganini yaxshi biladi. Ammo ular haqida Anqaraga yetarli ma’lumot bermayapti”, - deydi O’zel.
Lekin ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo’shilishi haqidagi muzokaralarning qayta jonlanishi ortidan so’nggi oylarda Anqara va Yevropa mamlakatlari o’rtasida yangi hamkorlik muhiti paydo bo’lgan.
Ammo Turkiyaning jihodchilarga qarshi bosimni kuchaytirishi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin, deydi tahlilchi O’zel.
“Buni boshqa davlatlar misolidan ko’rish mumkin. Jihodchilarning yordam berishni to’xtatib qo’ygan homiylariga qarshi bosh ko’tarish odati bor. Turkiya xavfsizlik kuchlari nima qilayotganini yaxshi tushunadi, deb umid qilamiz”, - deydi u.
Tahlilchilar Anqara Al-Qoidaga aloqador guruhlar iziga tushishda yaxshi tajribaga egaligini aytadi. Masalan, 2003-yil Istanbulda yuz bergan portlashlar ketidan mamlakatdagi Al-Qoida tarmog’i tezda fosh qilingan edi.