Turkiyaning an'anaviy siyosatdan voz kechishi unga zararmi?

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an

Turkiya tashqi siyosatidagi strategik o'zgarish uning Rossiya, Iroq va Eron bilan munosabatlarida taranglashishga sabab bo'ldi. Yillar davomida Turkiya qo'shni davlatlar ichki siyosatiga aralashishdan o'zini tiyib keldi. Biroq Suriya mojarosi Anqaradan tashqi siyosatda faolroq bo'lishni talab qildi.

Suriya ixtilofida Turkiya isyonchilar tomonida. Prezident Rajab Toyib Erdog'an 2011-yilgacha yaqin ittifoqchisi bo'lgan Suriya rahbari Bashar Assadni hokimiyatdan ketishga chaqirib keladi. Iroqda esa Anqara mahalliy kurdlarni "Islomiy davlat" jangari guruhiga qarshi qo'llab-quvvatlar ekan, dekabr boshida Bag'doddagi markaziy hukumatdan ruxsat so'ramay mamlakat g'arbiga tank va askarlarini yubordi.

Iste'fodagi turk diplomati Oydin Seljenning aytishicha, qo'shni davlatlar hududiy daxlsizligini e'zozlashdan bosh tortmasligini ta'kidlayotgan Turkiyaning so'nggi paytdagi harakatlaridan uning ko'p yillik bu siyosatdan voz kechganini ko'rish mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Turkiyaning an'anaviy siyosatdan voz kechishi unga zararmi?

"Suriyada Assadni ag'darishga harakat qilayotgan kuchlarga berayotgan yordamimiz, Iroqdagi harakatlarimiz hozirgi milliy manfaatlarimiz va qadriyatlarimizga asoslangan aralashish siyosatining o'zginasidir. Azaldan Turkiya tashqi siyosati xalqaro qonunlarga ko'ra yuritilar edi", - deydi Iroq Kurdistonida Turkiya konsulligining ochilishiga qo'li tekkan diplomat.

Turkiyaning boshqa davlatlar ichki siyosatiga aralashmaslik amaliyoti respublika asoschisi Mustafo Kamol Otaturk davridan boshlangan edi.

Biroq hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasi rahbarlari aralashmaslik siyosatini, ayniqsa, mintaqani mojaro qamrab olgan bir paytda, zaiflikdan nishona deb biladi, deydi "Jumhuriyat" gazetasi sharhlovchisi Semih Idiz. Uning aytishicha, qo'shni davlatlar ichki siyosatiga aralashishning foydadan zarari ko'proq.

"Adolat va taraqqiyot" partiyasi endi ortga qaytmasa bo'lmaydi, biroq buning iloji yo'q, chunki saylovchilari oldida sharmanda bo'ladi. Partiya o'zini burchakka siqib qo'ydi", - deydi tahlilchi.

Xalqaro bosim ostida Turkiya Iroqdan qo'shinlarining aksariyatini chiqarishga majbur bo'ldi.

Ba'zi kuzatuvchilarga ko'ra, Anqaraning haddan ortiq faolligi bir paytlar mintaqaning katta qismini boshqargan Usmoniylar imperiyasi bilan bog'liq tarixiy xotiralarga turtki berishi mumkin. Iste'fodagi diplomat Oydin Seljenning aytishicha, Turkiyaning eng yaqin ittifoqchilari ham bundan xavotirga tushgan.

"Bizga ishonchli hamkor sifatida ortiq qaramasliklari mumkin endi", - deydi u.

Hukumat tarafdorlariga ko'ra, mintaqa alangada ekan, Anqara o'z manfaatlari va xavfsizligini himoya qilishga haqli. Biroq uning boshqa davlatlar ichki siyosatiga tobora aralashishi o'ziga kattaroq zarar keltirishi, ittifoqchilarga ehtiyoj bor bir paytda Turkiyaning yakkalanishiga olib kelishi mumkin.