Turkiya kurd jangarilariga hujumni davom ettirmoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya hukumati qo’shni Iroqdagi kurd jangarilariga havodan zarba berar ekan, ayni damda Suriyadagi kurdlarga ham hujum boshlagani borasida xabarlar tarqalgan. Mahalliy kurdlar Turkiya siyosatidan norozi.

Your browser doesn’t support HTML5

Kurd jangarilariga qarshi zarbalar, Behzod Muhammadiy

Suriya kurdlariga qarashli Demokratik ittifoq partiyasining aytishicha, yakshanba kuni turk tanklari ular nazoratidagi qishloqlarni o’qqa tutgan. Hujum Turkiya chegarasidagi Kobani shahrining g’arbida ro’y bergani aytilmoqda.

Turkiya Tashqi ishlar vazirligi esa voqeaning yuz berganini inkor qildi.

Agar iddaolar to’g’ri bo’lsa, bu Turkiya uchun zararli, deydi siyosiy tahlilchi Semih Idiz.

“Buning oqibati jiddiy bo’ladi, chunki Suriya kurdlari hozir Turkiyaning G’arbdagi ittifoqchilari bilan birga. Ular Turkiyaning maqsadlarini savolga tuta boshlashi mumkin”, - deydi u.

NATO ko’magida amalga oshirilgan havo zarbalari yordamida Suriya kurdlari “Islomiy davlat”ga jiddiy zarar yetkazib, Turkiya chegarasida katta hududlarni egallab olgan edi. Ammo Anqara ularni Turkiyada terrorchi tashkilot hisoblanadigan Kurdiston ishchilar partiyasi (PKK) bilan ittifoqdoshlikda ayblaydi.

Tahlilchi Idizga ko’ra, Anqara hukumati Suriya kurdlariga qarashli Demokratik ittifoq partiyasiga jiddiy shubha bilan qaraydi.

“Ular bu guruhning Fors ko’rfazi urushidan so’ng xuddi Iroq kurdlari uyushganidek birlashib ketidan Turkiya chegarasida mustaqil hudud barpo etishidan qo’rqadi. Anqara Suriya kurdlari va PKK o’rtasida ham aloqadorlik ko’rib, buning ta’siri Turkiyaga ham yoyilishidan xavotirda”, - deydi tahlilchi.

Karnegi instituti tadqiqotchisi Sinen Ulgen fikricha, Anqaraning “Islomiy davlat”ga qarshi tuzilgan koalitsiyaga qo’shilishi aslida Suriya kurdlariga ko’mak berayatgan xalqaro qo’llab-quvvatlovni nazorat qilishga qaratilgan.

“Turkiya, Suriyadagi kurdlarga qarashli Demokratik ittifoq partiyasining mintaqadagi ta’siri kengayishiga yo’l qo’ymaslik uchun ko’proq siyosiy yordam olishni ko’zlab IShIDga qarshi koalitsiyada faol qatnashishga qaror qildi”, - deydi u.

Bo orada Turkiya iltimosi bilan NATO rasmiylari seshanba kuni favqulodda majlis o’tkazdi. Unda “Islomiy davlat”ning Turkiyaga solayotgan tahdidi hamda bunga qarshi Anqara ko’rayotgan choralar muhokama qilindi. Yopiq majlisda qatnashgan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Turkiya bilan birdammiz, deydi.