Yanvar boshida Turkiyada Isroilga josuslik qilish gumoni bilan o’nlab odam hibsga olindi. Prezident Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, Isroil razvedkasi XAMASning Turkiyadagi vakillarini yo’q qilmoqchi. Anqara bunday harakatlar salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida ogohlantirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
“Isroil do’q-po’pisalaridan XAMASga qarshi hujumlar Turkiyada amalga oshirilishi mumkinligi ko’rinib turibdi. Turkiya razvedkasi va xususan prezidenti Isroil tarafini bu ishga qo’l urmaslik haqida ogohlantirdi. Turk razvedkasi Mossadning Turkiyada harakatga keltirilgan yacheykalarini aniqladi”, - deydi Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy izlanishlar jamg’armasidan Murat Aslan.
Isroil Turkiyadagi hibsga olishlarni izohlamadi. Yahudiy davlatning harbiy va siyosiy rahbarlari XAMASning 7-oktabr kuni Isroilga hujum qilgan a’zolarini qayerda bo’lmasin ovlashini aytib keladi.
Erdog’an XAMAS harakatlarini qoralagani yo’q, uni ozodlik harakati deb ataydi, shu sabab, deydi tahlilchilar, Isroil 7-oktabr hujumlariga qo’l urganlarni Turkiyada izlab topmoqchi.
“7-oktabr qatliomiga nazar tashlaydigan bo’lsak, uning qanday rejalanganiga e’tibor bersak, chetdan ko’p yordam bo’lganini, G’azoga chetdan ko’p narsalar kirganini ko’rsa bo’ladi. Ba’zi narsalar Turkiyadan kirgani aniq. Turkiya hukumati bunga qo’l urmagan, ammo ayrim narsalarga ko’z yumgani aniq”, - deydi Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlikni o’rganish institutidan Galliya Lindenshtraus.
Turk razvedkasi Isroilning Mossad razvedka tashkiloti bilan ilk bor to’qnashayotgani yo’q. Ilgari hamkorlik ham qilishgan. Masalan, yaqinda Eronning Isroilga qarshi hujumlari rejasini fosh etishda.
“Mossad va Turkiya Milliy razvedka tashkiloti MRT o’rtasida samarali hamkorlikka guvoh bo’lganmiz. Ushbu hamkorlik 2022-yilda Turkiyada isroilliklarga qarshi hujumning oldini olishga yordam berdi. Nazarimda, bu ikki tashkilot bir-biriga hurmat bilan qaraydi”, - deydi isroillik tahlilchi.
O’tgan yil dekabrida Turkiyada yahudiy sinagogalarga hujumlarni rejalash gumoni bilan “Islomiy davlat” a’zolari qo’lga olingan.
Tahlilchilarning aytishicha, Turkiya G’azodagi mojaro uning hududiga yoyilishining oldini olishga intilmoqda.
“Turkiya turli razvedka idoralari uchun o’yingoh bo’lishni istamaydi. Shu sabab turk razvedkasi faolligini kuchaytirib, tegishli tadbirlar ko’ryapti”, - deydi Murat Aslan.
Yaqin o’tmishda Turkiyani larzaga solgan terror xurujlari va qotilliklar uning sayyohlik sohasiga jiddiy zarar yetkazgan. Xavfsizlik choralarini kuchaytirish orqali Anqara iqtisodiy barqarorlikka tahdidlarning oldini olmoqchi, deydi kuzatuvchilar.