Kurdiston xorijga neftni Turkiya orqali sotmoqchi

  • Amerika Ovozi

Turkiyaning Energiya vaziri Taner Yildiz (chapda) Kurdistonning Tabiiy zaxiralar vaziri Ashti Havramiy bilan, Arbil, 2-dekabr, 2013-yil.

Kurdiston neftining xalqaro bozorga Turkiya orqali sotilishi haqida Anqaraning ma’lum qilishi Iroq bilan aloqalarning soquvlashishiga sabab bo’lishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Kurdiston nefti, Behzod Muhammadiy

Dekabrdan beri Iroq tarkibidagi yarim avtonom Kurdiston viloyatining nefti Turkiyaning Jayhon neft markaziga olib kelinmoqda.

Hozirgacha bu markazdan neftni saqlash maqsadida foydalanilayotgan edi. “Jayhon” omborlari to’lib borayotgani bois shu oydan boshlab Kurdiston neftining Turkiya orqali ilk bor xalqaro bozorda sotilishi kutilyapti.

Har kuni Kurdistondan Turkiyaga 100 ming barrel neft eksport qilinadi. Mutaxassislarga ko’ra, yaqin orada bu miqdor yanada oshadi.

Turkiyalik jurnalist Qodri Gursel neft savdosining siyosiy oqibatlari og’ir bo’lishidan ogohlantiradi.

“Bu Kurdiston viloyati hukumatining mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan qadam. Lekin u Saddamdan keyingi Iroq birligiga putur yetkazadi. Bugungi Iroqni jipslashtirib turgan yagona narsa bu neft”, - deydi u.

Mintaqadagi tahlilchilar neft savdosining Iroq kurdlari mavqeini mustahkamlovchi omil ekanini aytadi. Kurdiston rasmiylari Anqara bilan hamkorlikni iqtisodiy va siyosiy mustaqillikka erishish yo’li sifatida ko’rmoqda. Turkiya kompaniyalari, shuningdek, Kurdistonda aeroport, mehmonxonalar, yo’llar va supermarketlar qurish kabi taraqqiyot loyihalarida faol ishtirok etmoqda.

Bryusseldagi Karnegi instituti tadqiqotchisi Sinan Ulgen bundan Anqara ham manfaatdor ekanini aytadi.

“Bu Turkiya tashqi siyosati uchun katta muvaffaqiyat hisoblanadi. Anqaraning energiya siyosatida, ta’minot xavfsizligi hamda boshqa mamlakatlar ta’minotiga qaramlikdan qutilishida u muhim ahamiyatga ega”, - deydi tahlilchi.

Izmirdagi Yasar universiteti tadqiqotchisi Emra Iseri esa bunday hamkorlik Anqara va Vashington aloqalariga sovuqlik solishi mumkinligidan ogohlantiradi.

“AQSh kurdlarning o’z mustaqilligini mustahkamlash haqidagi niyatidan tashvishda. Bu masalada Turkiyaning ham AQSh bilan muammosi bor. Ular Turkiyani Kurdistonning Iroqdan mustaqil bo’lib ajrab chiqishini qo’llab-quvvatlayotganlikda ayblaydi”, - deydi Emra Isari.

Vashington Anqaraning Bag’dod vositachiligisiz Kurdiston bilan energiya hamkorligini ivojlantirishiga qarshi. Iroq hukumatiga ko’ra, mamlakat zaxiralarini sotish huquqi, konstitutsiya bo’yicha, faqat markaziy hukumatga berilgan. Ammo kurdlar Bag’dodning noroziligiga qaramay Turkiyaga allaqachon bir million barrel neft sotdi.
“Taraf” gazetasi muxbiri Semih Idiz Anqara ham Iroq shikoyatlariga quloq solmayotganini aytadi

“Anqara biz narsada haq. Agar AQSh bu savdodan tashvishda ekan, avvalo, Amerika kompaniyalarining Iroq kurdlari bilan biznes qilishini to’xtatishi kerak”, - deydi u.

Kurdiston avtonom viloyati Iroqda xavfsizligi sababli biznes qilish mumkin bo’lgan sanoqli hududlardan biri. Shunday ekan, shu oydan boshlanayotgan xalqaro neft savdosidan mahalliy hukumat katta daromad qilishi aniq.