Turkiya iroqlik kurdlarga Kobaniga o'tishda yordam bermoqda

  • Amerika Ovozi

Kobani shahri

Turkiya Kobani shahrida islomiy jangarilarga qarshi kurashda ishtirok etish uchun iroqlik kurdlarga Suriyaga o'tishda yordam berayotganini bildirmoqda. Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho'g'li bundan ortiq ma'lumot bermagan.

Kecha Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an kurd jangarilarini qurollantirmaymiz, chunki biz ularni Kurdiston ishchilar partiyasi kuchlari bilan bir ko'ramiz, degan edi. AQSh va Turkiya partiyani terrorchi tashkilot deb biladi.

Tunda AQSh yuk samolyotlari Iroqdagi kurdlardan Kobanida jang qilayotgan kurdlar uchun havodan qurol va o'q-dori tashlagan. AQSh Prezidenti Barak Obama shanba kuni Erdog'an bilan telefon orqali suhbat chog'ida uni bundan xabardor qilgan.

Qo'shma Shtatlar jihodchilarning ta'minot tizimini nishonga olayotgani aytiladi. Ayni damda Kobanida qonli janglar kechmoqda. AQSh samoloyotlari kecha Kobani atrofini 135 dan ziyod marta o'qqa tutgan.

Kecha Bag'dodda Arab Ligasi rasmiylari Iroq rahbarlari bilan uchrashib, "Islomiy davlat" va terrorizmga qarshi kurash haqida fikr almashgan.

Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiyning tashrifi Iroqning sunniy qo'shnilari bilan munosabatlar iliqlashayotganidan darak, deydi kuzatuvchilar.

Arab Ligasi delegatsiyasiga Quvayt va Mavritaniya tashqi ishlar vazirlari ham kirdi.

Al-Arabiyning aytishicha, Arab Ligasi Iroqda barqarorlik va farovonlik istaydi.

"Butun arab dunyosi zamonaviy davrga nomutanosib g'oyalar va mafkuralar bilan yuzlashmoqda. Iroqda terrorizmning rivojlanishida butun dunyo aybdor", - dedi liga rahbari.

Iroq Tashqi ishlar vaziri Ibrohim Jafariyga ko'ra, Iroq va qo'shni davlatlar o'rtasidagi yangicha munosabatlar ortida qator qo'shma majlislar, uchrashuvlar, o'tgan oy Saudiya Arabistonidagi anjuman turibdi.

Vazirning aytishicha, ayrim arab davlatlari Iroqqa jihodchilarga qarshi kurashda qurol, havodan madad, razvedka ma'lumotlari bilan ulashishni va'da qildi.

"Gumanitar yordam va mashg'ulotlar ham taklif etildi, ammo piyoda askarlar yuborilmaydi", - dedi Jafariy.

Ayni damda Saudiya Arabistoni, Quvayt, Qatar, Bahrayn, Iordaniya va Birlashgan Arab Amirliklari AQSh, Britaniya, Fransiya va Avstraliya bilan xalqaro koalitsiyaga birlashib, Suriya va Iroqda jihodchilarni havodan nishonga olib kelmoqda.