Turkiya prokurori diniy arbob Fathulla Gulenga aloqador telekanallarni yopishga chaqirdi. AQShda istiqomat qiluvchi Gulen hukumatga qarshi fitna tayyorlaganlikda ayblanadi. Telekanallar esa hukmron partiya faoliyatini tanqid qiluvchi sanoqli ommaviy axborot vositalaridan ekani aytiladi. Iyun oyiga belgilangan parlament saylovlari yaqinlashar ekan, mamlakatda matbuot va so'z erkinligi yuzasidan xavotirlar kuchaymoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Istanbuldagi Sulaymon Shoh universiteti tadqiqotchisi Chingiz Aqtarning aytishicha, telekanallarning yopilishi 7-iyunda bo'lib o'tadigan saylovning xolisligiga nisbatan shubhalarni oshiradi.
"Kampaniyalar davrida nimalar ro'y berayotgani haqida xabar beruvchi mustaqil ommaviy axborot vositalari sonini kamaytiradi. Erkin saylov haqida gapirish allaqachon qiyinlashgan. Chunki axborot vositalarining aksariyati hukmron partiya nazorati ostida ishlaydi va Yevropa Ittifoqi hamda Yevropa va Amerika Kengashi ta'kidlaganidek, matbuot erkinligi jiddiy tahdid ostida", - deydi siyosatshunos.
Saylov jarayonini kuzatayotgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) vakillari matbuot erkinligi yuzasidan o'z xavotirlarini bildirgan.
Asosiy muxolifat - Respublikachilar Xalq partiyasi rahbari Kamol Qilichdoro'g'li telekanallarni yopish harakatini keskin qoralab chiqdi. Hukumatparast ayrim jurnalistlar ham o'z tahsvishini izhor qilgan.
Hukmron partiya rasmiylari masala yuzasidan hali izoh bergani yo'q.
Hukumatga qarshi chiqishlari bilan tanilgan yetakchi gazetalardan biri yaqinda Prezident Rajab Toyib Erdog'anning keskin tanqidiga uchradi. Erdog'anga ko'ra, nashr va uning sohibi prezidentga hamda hukumatga qarshi tish qayramoqda.
Konstitutsiya bo'yicha, prezident siyosiy tortishuvlarda betaraf bo'lishi kerak. Ammo ommaviy saylov orqali hokimiyatga kelgan Erdog'an so'nggi paytlarda muxolif partiyalarga hujum qilishdan o'zini tiyayotgani yo'q.
Davlat televideniyesi va ko'plab xususiy kanallar prezident nutqlarini jonli uzatadi. Shuningek, bosh vazir ma'ruzalariga ham katta vaqt ajratilishi oqibatida muxolif partiyalar uchun efirga chiqish imkoniyati juda cheklangan.
Saylov bo'yicha qonun me'yorlari buzilayotgani haqida e'tirozlar va namoyishlar bo'layotganiga qaramay, hukumat vaziri Nesrin Ulemaning aytishicha, hammasi joyida.
"Bu gaplar noto'g'ri, chunki Oliy Saylov kengashi va amaldagi qonunlar saylov kampaniyasi boshlanishi bilan barcha partiyalarga teng efir vaqtini beradi. Hukmron partiya ko'proq ta'sirga egadek ko'rinishi mumkin, chunki prezident ham bor maydonda. Lekin u xalq tomonidan saylangan birinchi prezidentdir", - deydi hukumat rasmiysi.
"Milliyat" gazetasi siyosiy sharhlovchisi Qodri Gursel fikricha, mamlakat xavfli yo'ldan ketmoqda.
"Adolat inqirozi kuchayishda davom etyapti. Konstitutsiya va saylovga oid qonunlarning buzilishini to'xtatib, qonunbuzarlarni jazolaydigan, muxolifatning matbuotdagi ishtirokiga qo'yilgan cheklovni to'xtatadigan biror huquqiy idora yo'q. Bularning barchasi avtoritar tuzum shakllanishi uchun kifoya. Bunday sharoitda muxolif partiyaning saylovda muvaffaqiyat qozonishi imkonsiz", - deydi u.
Ommaviy axborot vositalarining sanoqli ulkan konglomeratlar qo'lida to'planib borayotgani va ular saylov arafasida soliq imtiyozlari bilan siylanishi haqida ham xavotirlar bor. Hukumat bunday iddaolarni keskin rad etadi. Ammo mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar mamlakatda demokratiya ahvolining tobora yomonlashib borayotganidan shikoyat qiladi.