Turkiyada 2700 dan ziyod davlat xizmatchisi ishdan olindi

  • Amerika Ovozi

Turkiyada 2700 dan ziyod davlat xizmatchilari "terrorchi" tashkilotlarga aloqadorlik gumoni bilan ishdan bo'shatilgan. Ular orasida olim va akademiklar, zobitlar va huquq-tartibot xodimlari bor. Xususan, Diniy masalalar bo'yicha boshqarmada 341 kishi ishdan haydalgan.

Hukumat qarori bilan, shuningdek, ikki gazeta, 14 uyushma va bir tibbiy klinika yopiladi.

Turkiya hukumati 2016-yilgi davlat to'ntarishiga urinish ortida AQShda yashayotgan imom Fathulla Gulen turganini da'vo qilib keladi. O'sha voqealardan keyin favqulodda holat e'lon qilinib, shu kungacha 50 ming odam hibsga olingan, 110 ming davlat xizmatchisi ishdan olingan.

Bu choralar Gulen tarafdorlaridan kelayotgan tahdidni bartaraf etish uchun zarur, deydi rasmiylar. Tanqidchilar nazarida esa hukumat favqulodda holatdan foydalanib, muxolifatni ezmoqda. Bir paytlar Prezident Rajab Toyib Erdog'anning ittifoqchisi bo'lgan Gulen to'ntarishga aloqasi yo'qligini aytadi. AQSh imomni Turkiyaga ekstraditsiya qilish talabini rad etgan.

24-dekabr kuni e'lon qilingan farmonda yozilishicha, terrorizmda ayblangan shaxslar bundan buyon sudga muayyan rangdagi maxsus kiyimda olib boriladi.