Turkiyada muhim saylovlar yaqinlashmoqda. O’n yildan ziyod hokimiyatda turgan Adolat va taraqqiyot partiyasi uchun bu saylovlar har doimgidan ham qiyinroq bo’ladi. Ayniqsa, Bosh vazir Rajab Toyib Erdog’anning ona shahri bo’lgan Istanbulda siyosiy kurash keskin. Mana 20 yildirki, bu shahar hukmron partiya nazorati ostida. Endi esa vaziyat o’zgarayotgandek. Istanbul merligiga da’vogar muxolifat nomzodlaridan biri shaharni Erdog’an partiyasidan tortib olishga bel bog’lagan.
Istanbulning qashshoq mahallalaridan birida minglab oddiy fuqarolar oldida so’zlagan Mustafo Sarigul muxolifatdagi Respublikachilar xalq partiyasi nomidan shahar merligi uchun kurashmoqda. U Istanbulni 20 yil boshqargan Adolat va Taraqqiyot partiyasi hukmronligiga chek qo’yib, shaharga ijtimoiy adolat olib kelishga va’da bermoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Erdog’anga qarshi kurash boshlagan 58 yoshli bu siyosatchi bosh vazir va o’zi o’rtasida o’xshash jihatlar borligini aytadi.
“Turkiya siyosatida hammasini boshidan boshlab, yuqoriga ko’tarilgan ikkita odam bor – bittasi men, ikkinchisi bosh vazir. Otam oddiy ishchi edi, uylarga qaraydigan odam bo’lgan. Kelib chiqishimga kelsak, ishchilar guruhiga mansubman, 15 yoshimdan beri siyosatdaman. Siyosatning har bir pog’onasida ishlab chiqdim”, - deydi u.
Sarigul ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurashni maktab davridayoq boshlaganini aytadi.
“Qashshoq oiladan bo’lganimiz uchun doim sinfxonada orqa o’rinlarda o’tirardik. O’ylar edim: Nega men orqada, boylar esa birinchi qatorda o’tirishi kerak? Shundan so’ng orqada o’tirgan bolalarni birlashtirib, ularni oldinda o’tirganlarga qarshi bosh ko’tarishga undaganman”, - deydi siyosatchi.
Sarigulning aytishicha, Turkiya siyosatida hanuz tabaqalanish luchli. Hatto men mansub partiyada ham, deydi u.
“Al-Monitor” sayti hamda “Milliyat” gazetasi tahlilchisi Qodri Gursalning atishicha, Sarigul muxolifatdagi Respublikachilar xalq partiyasi uchun noan’anaviy nomzoddir.
“Sarigul odatdagi nomzodlardan emas. U Istanbuldagi barcha tabaqa odamlariga o’z gapini yetkaza olish salohiyatiga ega. U saylov kampaniyasini farqli siyosatlar ustiga qurmayapti hamda u odamlarni ideologik asoslarga ko’ra ajratmaydi”, - deydi tahlilchi.
Hatto bahsli bo’lgan din masalasida ham Sarigul o’z partiyasining an’anaviy yondashuvini qo’llamayapti. Respublikachilar xalq partiyasi o’zini dunyoviy davlat himoyachisi sifatida ko’rsatadi, yaqin-yaqingacha musulmon ayollarning jamoat joylarida hijob o’rashiga qarshi bo’lgan. Islomiy asoslarga ega hukmron partiya uni musulmonlarga qarshi guruh sifatida tasvirlaydi. Istanbul merligiga da’vogar Sarigul esa o’zini dinga amal qiladigan musulmon sifatida ko’rsatadi.
“Men taqvodor oiladanman. Lekin o’zim bu yerdagi barcha diniy jamoalarga yaqinman: cherkov va sinagogalarga ham boraman. Dinga munosabatim qanday ekanini hamma biladi. Matbuot e’tiboriga tushmaslik uchun ibodat qilgani shaharning ko’zga ko’rinmaydigan masjidlariga qatnayman. E’tiqodimni siyosatga aralashtirishni istamayman. E’tiqod Allohga yetishish uchun, hokimiyatga kelish uchun emas”, - deydi Sarigul.
O’tkazilgan ommaviy so’rovlarda Sarigul Adolat va taraqqiyot partiyasi nomzodi bilan bir xil reytingda turibdi.
Sobiq gazeta muharriri Yasmin Jongarga ko’ra, Istanbulni qo’lga kiritish hukmron partiya uchun juda muhim.
“Agar Istanbul boy berilsa, butun Turkiyani yutqazish bilan barobar katta yo’qotish bo’ladi. Chunki Istanbul - jamiyatning yuragi. Siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarning hammasi Istanbulda ro’y beradi. Agar Istanbul boy berilsa, bu Adolat va taraqqiyot partiyasi davri tugashining boshlanishi bo’ladi”, - deydi u.
Erdog’anga tegishli ekani da’vo qilingan va matbuotga sizib chiqarilgan audioyozuvda bosh vazir OAV rahbarlaridan biriga Sarigul haqida xabar bermaslikni tayinlaydi. Bosh vazirdan ko’rsatma olgan shaxs uzr so’ragan holda bu narsa qayta takrorlanmasligini aytadi.
Hukumatdagi partiya Sarigul nomzodiga nisbatan bosim ko’rsatilayotganini inkor etadi. Ammo shaharda bu ayblovlarning to’g’ri ekanini tasdiqlovchilar ko’p.
Mustafo Sarigul o’z ahdida qat’iy ekanini va Istanbul merligini qo’lga kiritish yo’lidagi kurashidan voz kechmasligini aytmoqda.