Turkiyada suriyalik qochqinlarga munosabat salbiy

  • Amerika Ovozi

Britaniyada suv toshqinlari

Turkiya qo’shni Suriyadagi urushdan qochganlarni bag’riga oldi. Ammo qator shaharlarda bo’lib o’tgan namoyishlardan turkiyaliklar soni bir milliondan oshgan qochqinlardan norozi ekani ayon bo’ldi. Rahbarlar esa Istanbul ko’chalarida tilanchilik qilib kun kechirayotgan minglab qochqinlarni lagerga qaytarishi mumkinligini aytmoqda.

O’tgan hafta Turkiyaning Maras shahrida yuzlab odamlar ko’chalarga chiqdi. “Suriyaliklar bizga kerakmas”, - deya hayqirdi ular. Olomon oldida so’zga chiqqan bir namoyishchi hayajon bilan gapirdi.

Butun umr ter to’kib, ishlagani va davlatga soliqlar to’laganini aytadi u. “Endi esa mamlakat uchun hech narsa qilmagan suriyaliklar davlatdan menga qaraganda kattaroq yordam olmoqda. Suriyaliklar xorijlik bo’lsa-da, hukumat ularni siylamoqda”, - dedi u.

Ko’p o’tmay Marasda zo’ravonliklar boshlandi. Turkiyaning suriyalik qochqinlar yashaydigan boshqa shaharlarida ham namoyishlar bo’lib o’tdi.

Turkiyashunos olim, “Edam” tadqiqotlar markazi rahbari Sinan Ulgen namoyishlar hukumat uchun jiddiy signal, deydi.

“Tobora oshib borayotgan ijtimoiy norozilikning birinchi daragi bu. Hukumat uchun suriyalik qochqinlar haqida obdon va har tomonlama o’ylash uchun ogohlantirish. Bugun Turkiyada 1,2 million qochqin bor, ulardan bor-yo’g’i 220 ming nafari mamlakat janubi-sharqidagi qochqinlar lagerlarida joylashtirilgan. Qolganlari esa Istanbul va boshqa katta shaharlarga kelgan. Ular o’zini ta’minlay olmasligi aniq”, - deydi Ulgen.

Statistkaga ko’ra, Istanbulda 100 ming suriyalik bor. Ayrim hayriya tashkilotlari aslida bundaylar soni kamida ikki baravar ko’p, deydi. Shaharning har bir mahallasida tilanchilik qilayotgan, tunni bog’ va masjidlarda o’tkazayotgan suriyaliklarni ko’rish mumkin. Jamoatchilik bundan norozi ekanini aytar ekan, shahar hokimi Avni Murlu suriyaliklarni qochqinlar lageriga majburan jo’natishni va’da qildi.

Turkiya rahbariyati qochqinlar uchun lagerlar qurish va ularni ta’minlash maqsadida milliardlab dollar sarfladi. Kuzatuvchilarga ko’ra, lagerlar Suriyadagi mojaro uzoqqa cho’zilmaydi, degan umidda barpo etilgan edi. Ammo qo’shni mamlakatdagi urush davom etar ekan, lagerlardagi vaziyat ham beqarorlashmoqda, aholi orasida ham norozilik oshib bormoqda.

Abdulla turmush o’rtog’i va farzandlari bilan Istanbul ko’chalarida yashaydi. Bolalar tilanchilik qiladi, shu bilan kun ko’rishadi. Lekin bu hayot lagerdagidan yaxshiroq, deydi Abdulla.

“Istanbulda tanishlarim bor edi, shu sababli bu yerga keldim”, - der ekan u ko’chada yashash oson emasligi, ilgari lagerda o’zini xuddi qamoqda saqlangandek his qilganini aytadi. “Ko’chada esa erkinmiz, u-bu ish topsa ham bo’ladi”, - qo’shimcha qiladi suriyalik Abdulla.

Darhaqiqat, arab tilini bilganlar uchun turizm sohasida ish topiladi. Bunday ish bilan shug’ullanayotgan suriyalik qochqinlar ham bor. Ammo aksariyat uchun ish – erishib bo’lmaydigan orzu bo’lib qolmoqda.

Tahlilchi Ulgen fikricha, rasmiy Anqara jiddiy muammoga yuz tutmoqda va yordamga muhtoj.

“Bu odamlar yaqin orada Suriyaga qaytmasligiga shubha qolmadi. Demak, hukumat G’arbdagi hamkorlari bilan birgalikda ularga yordam berishi, Turkiya jamiyatiga qo’shilish uchun uzoq muddatli asos yaratishi lozim, masalan ish topishda, malaka oshirish, til o’rganishda yordam. Bu muammoning boshqa yechimi yo’q”, - deydi Ulgen.

Anqara Yevropadan ko’mak so’ramoqda. Ammo yordam qo’lini cho’zganlar kam. Aholi esa qanchagacha qochqinlarni boqamiz, deya norozi.