Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'li Vashingtonda bo'lib, AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan uchrashdi. Gap asosan Suriyadagi ahvol haqida ketgan. Dovuto'g'lining aytishicha, xalqaro hamjamiyat zudlik bilan armiya qamali ostidagi shaharlarga gumanitar yordam yetkazishi zarur, biroq muxolifatni qurollantirishga hali erta.
Xillari Klinton Suriyada ahvol yomonlashayotganidan tashvishda ekanini aytib, aholi tank va artilleriyadan o'qqa tutilayotganini ta'kidladi.
"Mojaroning tinch yo'l bilan hal etilishi tarafdorimiz. Assad rejimidan harbiy kampaniyani to'xtatib, askarlarni shaharlardan olib chiqishni, xorijiy kuzatuvchilar va jurnalistlarni mamlakatga kiritib, siyosiy mahbuslarni ozod etishni, muxolifat bilan muloqotni boshlab, siyosiy islohotlarga yo'l berishni so'raganmiz", - deydi Klinton.
AQSh davlat kotibining aytishicha, Suriya xalqini gumanitar yordam bilan ta'minlash uchun Qo'shma Shtatlar Qizil Yarim Oy, Xalqaro Qizil Xoch kabi tashkilotlarga ajratilayotgan vznosni ko'paytiradi. Elektr quvvati, suv va oziq-ovqatsiz qolgan odamlarga birinchi navbatda yordam beramiz, deydi Klinton.
"Turkiya Suriyaga qo'shni davlat ekan, u bilan bu ishda yaqindan hamkorlik qilamiz. Suriya xalqi hukumat zug'umidan, terror va ekstremizdan xoli bo'lishni istaydi va Turkiya bu borada unga yaxshi namuna bo'lib xizmat qiladi", - deydi Klinton.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmat Dovuto'g'lining aytishicha, uning davlati muammoni uch bosqichli strategiya vositasida yechishga harakat qiladi.
"Birinchi bosqich - o'zaro muloqot. O'tgan yil yanvaridan to avgustigacha Suriya rahbariyati bilan muntazam ravishda aloqada bo'lib, xalq talabiga quloq solishga chaqirdik. Natija bo'lmagach, ikkinchi bosqichda Arab Ligasi orqali harakat qildik. Biroq bu tashkilot taklif etgan tashabbus BMT Xavfsizlik Kengashida qabul qilinmadi", - deydi Turkiya tashqi ishlar vaziri.
Dovuto'g'lining aytishicha, endi Turkiya BMTning Inson huquqlari kengashida Suriya xalqiga gumanitar yordam yetkazish tashabbusi bilan chiqdi. Sarayevoda bo'lgani kabi aholiga qarshi qirg'inga jim turmasligimiz kerak, biroq muxolifatga hozirgi pallada qurol berish to'g'ri bo'lmaydi, deydi Dovuto'g'li.
NATO Suriyaga doir harbiy rejasi yo'qligini bir necha bor aytgan. Turkiya vaziriga ko'ra, Xavfsizlik Kengashida Suriyaga doir rezolyutsiyaga veto qo'ygan Xitoy va Rossiya bilan muloqotni kuchaytirish zarur.