Turkiyalik uyg’urlar Xitoyni sudga berdi

  • Amerika Ovozi

Turkiyada yashovchi uyg’urlarning 19 nafari Xitoy rasmiylarini qatliom, qiynoqlar, jinsiy zo’rlash va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblab, Turkiya prokuroridan jinoiy ish qo’zg’atishni so’ragan.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 4-yanvar, 2022-yil

Uyg’urlar da’vosini rasmiylashtirgan advokat Gulden So’nmasning aytishicha, xalqaro idoralar bir millionga yaqin uyg’urni lagerlarga joylashtirib, ularni majburiy mehnatga jalb qilganlikda ayblanayotgan Xitoyga qarshi chora ko’rishdan bosh tortishi ketidan oddiy uyg’urlar tashabbusni o’z qo’liga olishga majbur bo’ldi.

Xitoy eng boshida bunday lagerlar borligini inkor etgan, biroq keyinchalik ularning ekstremizga qarshi kurashga qaratilgan bilim muassasalari ekanini aytgan.

Turkiyada taxminan 50 ming uyg’ur yashaydi.

"Xalqaro jinoiy sud Xitoyga qarshi tergovni boshlashi kerak edi, biroq Pekinning BMT Xavfsizlik Kengashiga doimiy a’zo ekanligi uchun buning iloji bo’lmadi”, - deydi advokat.

Da’vogarlar Xitoyda hibsda saqlanayotgan 116 kishining taqdiridan xavotir bildirib, millatdoshlariga qarshi zug’umlarda 112 ta shaxsni, jumladan Xitoy Kommunistik partiyasi a’zolari, mehnat lagerlari rahbarlari va vakillari hamda jinsiiy zo’rlashlarda gumon qilinayotgan odamlarni javobgarlikka tortishni talab qilmoqda.

"Turkiya qonunchiligi universal yurisdiksiyani tan oladi. Qiynoqqa solishlar, genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar qayerda sodir etilmasin, Turkiya sudlari bu ishlarni ko’rib chiqishi va jinoyatchilarni sud qilishi mumkin”, - deydi So’nmas.

Da’vogarlardan biri Madina Nozimiy bo’lib, uning aytishicha, opasi 2017-yilda “konsentratsion lager”ga olib ketilgan va o’shandan beri undan darak yo’q.

"Opam ham, men ham Turkiya fuqarolari. Hukumatimdan opamni qutqarishni so’rayman”, - deydi u.

Turkiyalik ayrim uyg’urlar o’tgan yili ikki mamlakat ekstraditsiyaga doir bitimga kelishganini qoralaydi. Turkiya hukumati kelishuv uyg’urlarning Xitoyga ekstraditsiya qilinishi uchun imzolanganini rad etmoqda.