Turk politsiyasi yangi yil kechasi Istanbuldagi tungi klubga yuz bergan hujumda gumon qilingan Abdulqodir Masharipovni qo’lga olgan. Istanbul hokimligiga ko’ra, 1983- yilda O’zbekistonda tug’ilgan Masharipov Abu Muhammad Xurosoniy taxallusi bilan tanilgan bo’lib, u 31-dekabr kuni 39 kishini otib o’ldirganlikda ayblanmoqda.
Istanbuldagi bu hujumni “Islomiy davlat” guruhi o’z bo’yniga olgan. Masharipov O’zbekiston Islom Harakatining sobiq a’zolaridan ekanligi faraz qilinadi.
Turk rasmiylarining aytishicha, Masharipov aybiga iqror bo’lgan. U Istanbulning Esenyurt mahallasida ushlangan.
Istanbul hokimi Vasin Shahin deydiki, Masharipov Afg’onistonda ta’lim olgan va maxsus tayyorgarlikdan o’tgan. Jinoyatchi qoldirgan barmoq izlari ham uniki ekani tasdiqlangan.
Masharipovning ushlanishiga doir tafsilotlar Turkiya matbuotida keng yoritilmoqda. Yangi yil oqshomidagi hujum ortidan politsiya keng qamrovli amaliyot boshlagan, gumonlanuvchi ushlangunga qadar o’nlab odamlar, shu jumladan uning xotini ham hibs qilingan. Masharipov yashiringan uydan qurol-yarog’, 150 ming dollarga yaqin pul topilgan. Bu mablag’ terror hujumi uchun mukofotligi taxmin qilinadi. Masharipov hibs chog’ida politsiyaga qarshilik ko’rsatgan. U bilan birga qirg’izistonlik fuqaro, shuningdek, fuqaroligi noma’lum uch ayol ham qamoqqa olingan.
Reina klubidagi hujumda 39 kishi halok bo’lgan, qariyb 50 odam turli darajada jarohatlangan.
Your browser doesn’t support HTML5
Masharipovni Abu Muhammad Xurosoniy sifatida bilishini aytgan o’zbekistonlik diniy faol Muhammadsolih Abutov uning o’ta radikal toifaga mansubligi, O’zbekiston islomiy Harakatini “Islomiy davlat” guruhiga baya’t bergan “Xuroson lashkarlari” qismiga kirishini aytgan edi.
“Bilishimcha, millati o’zbek, o’zbekistonlik uyg’ur emas, men uni ko’rmaganman, ammo gaplashganman. Takfirchilar guruhidan, o’ta radikal. Masalan, Tolibonning maqsadi ham islomiy davlat qurish, ammo bu maqsad ma’lum bir hududni nazarda tutadu. Bularning maqsadi esa hudud, millat bilan chegaralanmaydi. Shunday ixtiloflar tufayli “Islomiy davlat”ga bay’at keltirishdi, chunki bu guruh ham o’zini dunyo musulmonlarining hokimi sifatida taqdim qila boshladi. Aslida bu guruhlardan musulmonlar aziyat chekmoqda, chunki ular musulmonlarni kofirsan deb o’ldirishmoqda, hozirgi mavjud hukumatlarni tan olishmaydi, Erdago’nni ham kofir sifatida bilishadi”, - deydi Abutov.
Istanbuldagi hujum ortidan terrorchining kimligi haqida turli xabarlar tarqaldi. Turk matbuoti hujumchi markaziy osiyolik o’zbek, qirg’iz yoki uyg’ur ekanligi haqidagi farazlarni ilgari surdi.
Turkiyadagi terror xurujlari ijrochisi markaziy osiyoliklar, jumladan o’zbeklar bo’layotgani birinchi bor qayd etilayotgani yo’q. Avval Turkiyadagi xalqaro aeroportga qilingan hujumda ham o’zbekistonliklar ayblangan edi.
Bu hujumlar ortida Turkiyadagi minglab markaziy osiyolik muhojirlar ularga nisbatan munosabat keskinlashadi deya xavotirda.
Vaziyatni o’sha yerdan kuzatib kelayotgan o’zbek jurnalistlaridan biri Kamoliddin Yo’ldoshga ko’ra, Turkiya muhojirlarga nisbatan ancha ochiq siyosati bilan tanilgan mamlakatdir.
“Boshda davlatlardan chiqarib yuborilgan, O’zbekistonga borishdan qo’rqib yurganlar birinchi navbatda Turkiyaga keladi, chunki viza shart emas. Turkiyada o’zbeklar ham ko’p. Sayyohlik mamlakati, ksenofobik siyosat yo’q. Diniy tashkilotlar faoliyati erkin, ayniqsa Erdago’nning o’zi shunday siyosatni qo’llashi ortidan diniy guruhlar ancha faollashdi. Suriyadagi voqealar, jumladan yangi yildagi bu hujumlar ortidan esa muhojirlarni nazorat qlish ham ancha kuchaysa kerak ”.
Turkiyadagi Turkistonliklar jamiyati terror hujumini amalga oshirganlarning millatiga diqqat qaratmaslikni so’ramoqda.