Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’anning aytishicha, uning o’g’li bilan yashirin mablag’lar haqida o’tkazgan suhbati yozib olingani iddao qilingan audiotasma soxtadir. So’nggi voqealar ketidan muxolifat Erdog’anni iste’fo berishga chaqirmoqda.
Erdog’an o’g’li Bilolga katta miqdordagi pulni yashirish haqida ko’rsatma bergani aks etgan tasmaning bo’hton ekanini ta’kidladi.
Your browser doesn’t support HTML5
O’zlari ovoz berib, montaj qilingan narsani tarqatish bilan ular Turkiya bosh vaziriga hujum qilishmoqchi bo’ldi, dedi Erdog’an.
Bosh vazir suhbatiga oid mish-mishlar tarqatilishi bilan Erdog’an vazirlari bilan shoshilinch yig’in o’tkazdi. So’ng hukumat bayonot chiqarib, unda so’nggi hodisa Erdog’anni hokimiyatdan ag’darishga qaratilgan navbatdagi urinish ekani ta’kidlandi.
Bahsli suhbat dekabr oyining oxirida, politsiya bir qator yetakchi rasmiylarni korrupsiyada ayblab hibsga olgandan so’ng amalga oshgani aytilmoqda.
O’ng qanot Milliy harakat partiyasi rahbari Davlat Bahcheli audiosuhbatni “ko’zni ochuvchi” voqea deb atab, prokurorlarni zudlik bilan tekshiruv o’tkazishga chaqirdi.
Respublikachi Xalq partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdoro’g’li esa bosh vazirdan o’z vazifasini topshirishni yoki mamlakatni tark etishni talab qildi.
Turkiyaning “Milliyat” gazetasi kolumnisti Asli Oydintoshboshning aytishicha, hukumat yetkazilgan siyosiy zarar o’rnini qoplash imkoniyatiga ega.
“Nazariy jihatdan, bu ishning zarari juda katta. Ammo odamlar unga ko’p e’tibor berayotgani yo’q. Ayblovlar ham aniq emas”, - deydi u.
Bosh vazirning da’vo qilishicha, suhbat va korrupsiyaga oid tekshiruvlar islomiy ulamo Fathulloh Gulen izdoshlari tomonidan hukumatni ag’darishga qaratilgan rejaning bir qismidir.
Hozir AQShda istiqomat qiluvchi Gulen bir paytlar Erdog’an partiyasining yaqin ittifoqchisi bo’lgan. Amaldagi hukumat Gulenchilar harakatini politsiya va sud hokimiyatini egallab, davlat ichida davlat qurayotganlikda ayblaydi.
Hukumat 24-fevral kuni e’lon qilgan ma’lumotga ko’ra, firibgar prokurorlar 7 mingdan ziyod odamning, jumladan, vazirlar, jurnalistlar va ko’plab ziyolilarning telefon so’zlashuvlarini kuzatib borgan.
“Xabarturk” telekanali siyosiy sharhlovchisi Soli O’zelga ko’ra, turk davlati jiddiy tahdid ostida.
“Biz bilgan turk davlatining parchalanishiga guvoh bo’lyapmiz. Uning institutlarida ortiq yaxlitlik yo’q. Qonun-qoidalariga to’liq rioya etilmayapti. Qaysi qonunga amal qilinadi-yu, qay biriga yo’q, buni biz bilmaymiz. Mart oyida bo’ladigan mahalliy saylovlargacha vaziyat qaltisligicha qoladi”, - deydi O’zel.
Tahlilchilar fikricha, 11 yildan beri hokimiyatni egallab kelayotgan Erdog’an uchun korrupsiya mojarosi katta muammo yaratdi. Ularning aytishicha, saylov arafasida bosh vazir va uning boshqa vazirlariga oid yangi telefon suhbatlari ommaga oshkor etilishi mumkin.