2023-yilda Turkiyada parlament va prezident saylanadi. Siyosatchilar hozirdan yoshlarni saylovga hozirlashga harakat qilmoqda. Biroq iqtisodiy muammolar va shaxsiy erkinliklarning cheklanishi yoshlarning siyosiy tanloviga ta’sir qilishi mumkin.
“Iqtisodiy inqirozdan ancha qiynalib qoldik. Ayol sifatida hayotimizga bosim kuchayayotganini ham sezyapmiz”, - deydi istanbullik bir talaba.
Mamlakatda inflyatsiya oshmoqda, yoshlar orasida ishsizlik deyarli 30 foizga yetgan.
“Iqtisodiyot katta muammolar bilan yuzlashmoqda. Pulimiz qiymatini yo’qotyapti, hayot yomonlashmoqda. Hukumat o’zgarmas ekan, vaziyat ijobiylashishiga ko’zim yetmaydi. 18 yildan beri davlat tepasida bir xil odamlar”, - deydi Mustafo ismli savdogar.
Yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, yoshlar nafaqat iqtisodiy vaziyatdan, balki avtoritar boshqaruvning kuchayayotgani va so’z erkinligining cheklanayotganidan ham norozi.
“Yoshlar kelajakka umid bilan qaray olmayapti, hozirgi tizimdan ko’ngli qolgan. Ular kimdandir najot kutayotgani yo’q. Fuqarolik jamiyatida faol bo’lib, muammolarga o’z yechimlarini taklif etib, o’zgarishlarga o’zlari qo’l urmoqchi”, - deydi Istanbul Iqtisodiy izlanish markazidan Jon Saljuqiy.
Prezident Rajab Toyib Erdog’an diniy maktablarni ko’paytirib, yoshlarni hukumatga sodiq mo’minlar qilib tarbiyalashga so’z bergan.
Ayrim kuzatuvchilar yoshlar Erdog’anga xayrixoh matbuot ta’sirida voyaga yetganini aytsa-da, asosiy ma’lumotlarni ijtimoiy sahifalardan olayotgan yoshlar nazarida, hukumat muhim muammolarni hal qilishga ojizlik qilmoqda, bu esa saylovda Erdog’anga qimmatga tushishi mumkin.
“Aholining 100 foizini nazorat qilish qiyin. Shu bilan birga, ta’lim tizimidagi muammolar, yoshlar uchun ishsizlik muammosi hal etilmagan”, - deydi Yeditepe universitetidan Demet Lukushlu.
Ikki yil oldin yoshlarning uchdan biri Istanbul merligi saylovida muxolif nomzodga ovoz berib, Erdog’an partiyasining shahardagi 25 yillik hukmronligiga chek qo’yishda yordam bergan.
So’nggi paytlarda Erdog’an ijtimoiy sahifalarda videolar qo’yib, yoshlar bilan uchrashib, ularning ko’nglini ovlashga harakat qilmoqda.
Biroq so’rovlardan ma’lum bo’lishicha, Turkiya yoshlari nafaqat “Adolat va taraqqiyot”, balki barcha siyosiy partiyalarga ishonchsizlik bilan qaramoqda. Bu esa muxolifat ham yoshlar bilan ancha ishlashi kerakligini ko’rsatmoqda.