Breaking News

Turkiyadagi iqtisodiy inqiroz qochqinlar bilan ziddiyatlarni yanada kuchaytirishi mumkin


O’tgan hafta turk lirasining 10 foizga qadrsizlanishi iqtisodiy inqirozga turtki berishi mumkin. Yil boshidan beri lira qiymatini 45 foizga yo’qotgan. Iqtisodiy qiyinchiliklarning mamlakatda yashayotgan millionlab qochqinlarga qattiq zarba bo’lishi aytilmoqda.

Xalqaro hayot - 3-dekabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:44 0:00

Prezident Rajab Toyib Erdog’an 20 foizlik inflyatsiyani tushirish maqsadida foiz stavkalarini ko’tarish o’rniga tushirgani xalqaro sarmoyadorlarni lirani katta miqdorda sotishga majbur qildi.

“Narxlar ko’tarilishidan xavotirdamiz. Bugun bir mahsulot 5 lira bo’lsa, ertaga 6 liraga chiqishi mumkin. Bu xaridorlarni cho’chitmoqda”, - deydi bir baqqol.

“Bor pulimni tejashga harakat qilyapman. Biror ehtiyojsiz narsa olmayapman. Kelajak qanday bo’lishini bilib bo’lmaydi. Non yoki boshqa oziq-ovqat mahsuloti ertaga qancha turishini aytib bo’lmaydi”, - deydi bir istanbullik.

Iqtisodiy vaziyat nafaqat mahalliy aholini, balki mamlakatdagi 4 million qochqinni ham qiyin ahvolga solib qo’ydi. Eng so’nggi ommaviy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, turklarning aksariyati qochqinlarning ketishi tarafdori.

Yozda suriyalik qochqinlar turklarni masxara qilgan video tarqalishi ketidan poytaxt Anqarada qochqinlar turgan uylar va ularga tegishli do’konlar hujumga uchradi. Videoni tayyorlaganlar hibsga olinib, deportatsiya qilinishi kutilmoqda.

“Iqtisodiy stress kuchayganda odamlar doim alamini kimdandir olishga harakat qiladi. Odatda ozchilikdagi guruhlardan olishadi. Turkiya g’arbida esa ozchilikdagi guruh bu qochqinlar, chunki ularni aniqlash juda oson. Hatto kichik kelishmovchilik ham katta janjalga aylanishi mumkin”, - deydi tahlilchi Atilla Yesilada.

Mahalliy aholi muammolarini arab qochqinlaridan ko’rayotgan bir paytda turk iqtisodiyoti uchun muhim bo’lgan turizm sohasi arab sayyohlari hisobiga qaddini ushlab turibdi. Yevropaliklar ko’p jihatdan COVID bilan bog’liq cheklovlar sabab Istanbul kabi ommabop yo’nalishlarga sayohat qilishdan o’zini tiyib turibdi.

“Sayyohlarning 84 foizi Yaqin Sharqdan. Mahalliy xaridor tang ahvolda hozir. Har kuni mijoz yo’qotyapmiz. Biznesni butunlay arab xaridorlarga moslashga majbur bo’ldim”, - deydi bir do’kon egasi.

Turizm Turkiya uchun havoday zarur valyuta manbai ekan, sanoat arab sayyohlari hisobiga tirik. Biroq agar mamlakatda arab qochqinlariga qarshi kayfiyat keng tus olsa, turizm sohasi jiddiy xavf bilan yuzlashishi aniq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG