Joriy yil kuzida Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining (Turkiy kengash) navbatdagi sammiti o‘tkazilishi kutilmoqda. Unda kengashning maqomi va ta’sirini, a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan masalalar, xususan, kengash faoliyatining 2040-yilgacha bo‘lgan konsepsiyasi lohiyasi muhokama etiladi.
Bundan tashqari, Turkiy kengashning 31-mart kuni Turkiston shahrida (Qozog‘iston) bo‘lib o‘tgan norasmiy sammitida bildirilgan takliflar ham ko‘rib chiqiladi.
Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan Turkiston sammitida Turkiy kengashga a’zo davlatlar – Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston, kuzatuvchi maqomiga ega Vengriya hamda mehmon davlat Turkmaniston rahbarlari ishtirok etdi.
O‘ndan ortiq davlat, jumladan, Ukraina kengashda kuzatuvchi davlat maqomini olish niyatida. Turkmaniston esa turkiy davlat bo‘lgani holda, Anqaraning chaqiriqlariga qaramay, kengashda hech qanday maqomga ega emas.
“Turkmaniston betaraflik maqomini bahona qilib, shu paytgacha Turkiy kengashga a’zo bo‘lmay kelayapti. Lekin avval kuzatuvchi davlat bo‘lib, keyin esa haqiqiy a’zo bo‘lib qo‘shiladi deb o‘ylayman, - deydi Almatidagi Turon universiteti o‘qituvchisi Dinmuhammad Ametbek. – Turkmaniston, masalan, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo, uning betaraflik maqomiga egaligi mazkur tashkilotga qo‘shilishiga halal bermagan. Turkiy kengash iqtisodiy hamkorlikka ko‘p e’tibor qaratyapti, shuning uchun Ashxobod ham unga qo‘shilishni istashi tabiiy. Turkiston sammitda turkman Prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedovning qatnashgani ijobiy holat. Qolaversa, Turkmaniston turkiy dunyoning bir bo‘lagi, buni inkor qilib bo‘lmaydi”.
Turkiston sammiti arafasida turk OAVga intervyu bergan Turkiy kengash Bosh kotibi Bagdat Amreyev kengashning asosiy maqsadi turkiy davlatlarni birlashtirish ekanligini aytdi.
Samsun shahrida (Turkiya) faoliyat olib borayotgan jurnalist Muharrem Kochak turkiy davlatlarning birlashishi birinchi navbatda turkiy xalqlarning g‘oyaviy birlashuvidan boshlanishi kerak degan fikrda.
“Mana, O‘zbekistonda lotin alifbosining yangi versiyasi muhokama qilindi, yaqinda lotin alifbosiga butkul o‘tiladi. Qozog‘istonda ham lotin alifbosiga o‘tiladi. Bular mayda narsalardek ko‘rinishi mumkin, lekin juda muhim ahamiyatga ega. Chunki xalqlarimizning o‘zaro yaqinlashishiga yordam beradi. Yana bir muhim jihat bor – turkiy xaqlar o‘zligini teranroq anglashi zarur. Turkiyada “markaziy osiyoliklar rusparast” degan gaplar quloqqa chalinib qoladi. Lekin o‘ylashmaydiki, Markaziy Osiyo xalqlari qancha vaqt Rossiyaning mustamlakasi ostida bo‘lgan. Nima, Turkiyada yevropaparast yoki amerikaparst bo‘lganlar ozmi? O‘zligimizga qaytishimiz kerak”, - deydi Kochak.
Tadqiqtochi Dinmuhammad Amatbekka ko’ra, davlatlarning siyosiy birlashuvi uzoq vaqt oladigan jarayon. Uning fikricha, balki turkiy davlatlar o‘rtasida bunday birlashuvning keragi yo‘qdir, zero quruqlikda umumiy chegara mavjud emas. Biroq hamkorlik shart, deya ta’kidlaydi u:
Buni ham ko'ring Turkiy kengash huquq bobida qachon shijoat ko’rsatadi?“Geosiyosiy ma’noda Rossiya va Xitoyga qarshi muvozanatni saqlash, shuningdek, Sharq-G‘arb yo‘nalishida transport va savdo yo‘llarini rivojlantirish uchun Turkiy kengashdan foydalanish mumkin. Bu esa mintaqadagi barcha davlatlarning manfaatlariga xizmat qiladi. Ammo turkiy davlatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikning yanada rivojlanishi yo‘lida bir qancha to‘siqlar bor. Avvalo Qozog‘iston va Qirg‘izistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zoligini aytishimiz kerak. Turkiya esa Yevropa Ittifoqining Bojxona ittifoqiga qo‘shilgan. Ya’ni turkiy davlatlar turli mintaqaviy tashkilotlarga a’zo. Qolaversa, umumiy iqtisodiy hududning barpo etilishi yo‘lida Kaspiy dengizi ham bor. Aslida Turkiy kengash shu va shunga o‘xshash to‘siqlarni oshib o‘tishga urinyapti. Nursuton Nazarboyev ham [31-martdagi norasmiy sammitda] Transkaspiy yoki Turon xalqaro transport yo‘lagini tashkil etish tashabbusini bildirdi”.
Turkiston sammitida iqtisodiy hamkorlik masalalariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham alohida e’tibor qaratdi, Turkiy kengashning Investitsiya jamg‘armasi va Taraqqiyot bankini ochish taklifini bildirdi. Shiningdek, u o‘z nutqida Tog‘li Qorabog‘dagi g‘alaba bilan Ozarbayjon prezidentini tabrikladi. “Bugungi fursatdan foydalanib, Ozarbayjon Prezidenti hurmatli Ilhom Geydarovich Aliyev va ozarbayjon xalqini, Tog‘li Qorabog‘ hududini qaytarib, tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi g‘alabasi bilan yana bir bor tabriklayman, - dedi O‘zbekiston rahbari. – O‘zbekiston Tog‘li Qorabog‘ zaminidagi ko‘hna obidalar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini tiklash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildiramiz”.
Mirziyoyevning ushbu bayonoti O‘zbekistonning Tog‘li Qorabog‘ borasidagi pozitsiyasi o‘zgarmaganini ko‘rsatdi.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, 2019-yilda O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lishi ortidan mazkur tuzilma ancha jonlandi.
“Shu paytgacha Markaziy Osiyoda yoki turkiy dunyoda integratsiya jarayonlarining muvaffaqiyatsizlikka uchrashi yoxud juda sekin amalga oshishining eng muhim sabablaridan biri O‘zbekistonning chetda qolayotgani edi. Ayniqsa Markaziy Osiyodagi mitaqaviy hamorlik masalasida Toshkent masofa saqlab keldi. Holbuki, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning qoq markazida, mintaqa davlatlarining bari bilan chegaradosh. Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan keyin tashqi siyosatda qo‘shnilar bilan yaqinlashishga kirishishi mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsata boshladi. Shundan keyin mintaqa davlatlari yetakchilari yana yig‘ila boshladi. Albatta, O‘zbekistonning Turkiy kengash uchun ham ahamiyati katta. Zero, turkiy dunyoda to‘rtta geosiyosiy markaz bor: Onado‘lida – Turkiya, Kavkazda – Ozarbayjon, dashtlarda – Qozog‘iston, Movarounnaчrda – O‘zbekiston. Ana shu markazlar birlashsagina, turkiy dunyo kuchli bo‘lishi mumkin”, - deydi Dinmuhammad Amatbek.