Turkman muxolifati: Saylov emas, prezident ikkinchi muddatga tayinlanyapti

Turkman muxolifati: Saylov emas, prezident ikkinchi muddatga tayinlanyapti

12-fevral kuni Turkmanistonda prezident saylovlari. Ko’plab turkmanlar nazarida bu aslida saylov emas, Qurbonguli Berdimuhammedovning ikkinchi muddati boshlanayotganini belgilovchi marosim.

Odamlar ovoz beradi, lekin g’olib hozirdan ma’lum, deydi dunyoning eng yopiq jamiyatlaridan biri bo’lgan Turkmaniston ahli. Shu bois aksariyat xalqaro tashkilotlar bu saylovlarni kuzatishdan bosh tortgan.

Lekin Rossiya va Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligining boshqa a’zolari o’z vakillarini yuborgan. Turkmaniston muxolifati chet elda yashaydi va faoliyat yuritadi.

Norvegiyada joylashgan Turkmaniston demokratik fuqarolik jamiyati ittifoqi raisi Vyacheslav Mametovning aytishicha:

“Hozirgacha bo’lgan vaziyatga ko’ra kuzatuvchilar asosan Rossiya Dumasi deputatlaridan iborat bo’lishi kutilmoqda”.

Boshqa xalqaro tashkilotlarning saylovni kuzatishga ishtiyoqlari sezilmaydi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) vakillarini yubormagan.

Vyacheslav Mamedov deydiki, fuqarolik jamiyati bo’g’ilgan, diktatura mustahkamlangan bir sharoitda o’tayotgan bu jarayonni saylov emas, balki amaldagi prezidentni ikkinchi muddatga tayinlash tadbiri sifatida ko’rish kerak.

Turkman muxolifati: Saylov emas, prezident ikkinchi muddatga tayinlanyapti

“Bu saylov Turkmanistonga ham, Turkmaniston xalqiga ham hech narsa bermaydi. Odamlar buni natijasi avvaldan hal etilgan voqelik sifatida qabul qilishmoqda. Jamiyat ustidan totalitar nazorat kuchayishini, Berdimuhammedov klani yanada boyishini kuzatish mumkin xolos. Ikkinchi muddat biron o’zgarish olib kelishiga ishonmayman”, - deydi Mametov.

Nomzodlar orasida Berdimuhammedovdan tashqari yana yetti kishi bor.

“Ular faqatgina Berdimuhammedov g’alabasini ta’minlash uchun saylovda qatnashayotganini hamma, hatto ularning o’zlari ham yaxshi bilishadi”, - deydi turkmanistonlik yozuvchi Ak Velsapar.

Turkmaniston saylov arafasida qo’shni davlatlar bilan chegarani yopgan. Saylovda biror muxolif nomzod qatnashmayotgan bo’lsada, nazorat keskin kuchaytirilgan, hatto mamlakat tashqarisida faoliyat yurituvchi axborot vositalari, muxolif veb saytlar ham xurujga uchragan.

Mametov fikricha, bunday xakkerlik hujumlaridan Turkmaniston hukumatidan boshqa manfaatdor tomon yo’q.

Turkman muxolifati: Saylov emas, prezident ikkinchi muddatga tayinlanyapti

Qurbonguli Berdimuhammedov chet eldagi muxolifat vakillariga murojaat qilib, ularni saylovda ishtirok etishga chaqirgan edi. Ammo muxolifat yetakchilarining hukumatga yuborgan murojaati javobsiz qolgan.

“Bu murojaatga ishonib, saylovda qatnashish istagini bildirgan muxolifat yetkchilaridan biri Nurmuhammad Xanamovga Turkmanistonga borish uchun viza berilmadi. Haqiqatda esa saylovga bir oz bo’lsada adolatli tus berish uchun hukumat hech narsa qilgani yo’q”, - deydi Mametov.

YXHT saylovni kuzatishdan bosh tortganiga qaramasdan, tashkilotning inson huquqlari bo’limidan kichik bir guruh cheklangan missiya bilan Turkmanistonga borgani ma’lum.

MDH missiyasi esa barcha nomzodlar uchun teng imkoniyat yaratilgani haqida xulosa berdi.

Turkman faollari deydiki, Berdimuhammedovning kutilayotgan g’alabasi Turkmanistonda diktatura mustahkamlanishi va yangi bosimlar davri boshlanishini anglatadi.