Payg’ambar yoshidan o’tgan Qurbonguli Berdimuhammedov Turkmaniston prezidentiligidan voz kechmoqda. Mamlakatda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari 12-martda o’tadi. G’oliblikka asosiy da’vogar - amaldagi prezidentning o’g’li, 40 yoshli Sardor Berdimuhammedov.
Payg’ambar yoshidan o’tganini ro’kach qilayotgan katta Berdimuhammedovning qanday sabablarga ko’ra hokimiyatni topshirishga qaror qilgani bo’yicha turli fikrlar mavjud.
Aksariyat, shuningdek, Berdimuhammedovni shaxsan taniganlar ham diktatorning o’z o’g’li foydasiga bo’lsa-da hokimiyatdan ixtiyoriy voz kechishiga ishonishmaydi.
Berdimuhammedovni bunga undagan sabablar qatorida asosan uning salomatligi yomonlashgani, ichki va tashqi kuchlar bosimi, shuningdek, o’zi tirikligida sulola davomiyligini kafolatlashga qaror qilingani keltirilmoqda.
Bu farazlardan qat’i nazar Berdimuhammedov prezidentlik vakolatini topshirishini e’lon qildi. 12-mart kuni o’tadigan saylovda nomzod faqatgina Sardor Berdimuhammedov emas, Agrar partiya ham prezidentlikka o’z nomzodini qo’ygan.
Har holda, kichik Berdimuhammedovning muqobilsiz emas, raqobatli saylovda g’olib chiqqani e’lon qilinishi kutilmoqda.
Haqiqatda esa nafaqat muxolif partiyalar, balki muxolifat va mustaqil qarashdagi aholi ham keskin quvg’inda bo’lgan Turkmanistonda saylovning demokratik shaklda o’tishiga hech kim ishonayotgani yo’q. Xorijga quvilgan turkman muxolifati saylovdan chetga uloqtirilgan, ammo baribir o’z nomzodini olg’a surmoqda, turkman xalqini mamlakat prezidentini onlayn ovoz berish orqali saylashga chaqirmoqda.
“Amerika Ovozi” xorijda yurishga majbur Turkmaniston demokratik muxolifati partiyasi faoli, Turkmaniston prezidenti sayloviga nomzod ko’rsatish bo’yicha tuzilgan tashabbus guruhi rahbari Ak Velsapar bilan suhbatlashdi.
Uning ta’kidlashicha, saylov taqdiri hal qilingan, Berdimuhammedov prezidentlikni o’g’li Sardorga topshirishga qaror qildi, ammo hozircha hokimiyatni emas.
Buni ham ko'ring Turkmanistonda Berdimuhammedov davri tugayaptimi?Ak Velsapar: Gap shundaki, Berdimuhammedov nega bunday qarorga kelganligini anglash uchun uning shaxsini bilish kerak. Men uni taniyman, biz Moskvada bir paytda o’qiganmiz, u bilan uchrashganman. Bundan tashqari, Berdimuhammedov bilan birga ishlagan odamlarning fikrlariga ham tayanishim mumkin.
U hokimiyatni juda sevadi, prezidentlikdan voz kechmaydigan odam. Shuning uchun uning hokimiyatdan voz kechishi sababini sog’lig’i bilan bog’liq muammoda ko’raman. Uning salomatligi boshqa ko’tarmaydi, Ashxoboddagi manbalarning aytishlaricha, u kuniga 2-3 soat ishlashi mumkin, shu vaqtda uning ishchanligi haqida kadrlar olinadi, ommaga taqdim qilinadi. Boshqa vaqtda u layoqatsiz.
Ikkinchi sababi bosim bilan bog’liq, uni o’rab turganlarning bosimi. Ular Berdimuhammedovga imkoniyat borligida hokimiyatni topshirishni maslahat berishmoqda. Bu qatlam bir paytlar Saparmurod Niyozovni qabrga qo’ygani, Berdimuhammedovni hokimiyatga olib kelgani inobatga olinsa, bosim ancha jiddiy.
Ular bir paytlar Niyozovni qanday tantana bilan ko’mishgan bo’lsa, Berdimuhammedov bilan ham shuni takrorlashlari mumkin edi. Bu Rossiya tomonidan ko’rsatilayotgan bosim natijasi bo’lishi ham mumkin. Rossiya mintaqa davlatlarida kim hokimiyatda bolishiga bevosita aloqador. Mana O’zbekiston misolida ham ko’rdik. Moskva unga “hokimiyatni topshir, hozircha buni o’zing qilishing mumkin” degani ehtimolga yaqin.
Amerika Ovozi: 12-mart kuni prezidentlik saylovi. G’oliblikka da’vogar asosiy nomzod Sardor Berdimuhammedov. Sizningcha bu saylov qanday o’tadi?
Ak Velsapar: Saylov allaqachon o’tib bo’lgan, Sardor prezidentlikka tasdiqlandi deyish mumkin. Berdimuhammedov hokimiyatni o’g’liga topshirmoqda, shu xolos. Albatta, muqobillik uchun qo’shtirnoqdagi raqib nomzodlar ham topib qo’yishdi, shunchaki saylov raqobatli o’tdi deyish uchun. Haqiqatda esa o’rta asrlardagi kabi taxt shunchaki otadan o’g’ilga o’tmoqda.
Amerika Ovozi: Lekin Berdimuhammedov prezidentlikni topshirishi ortidan Xalq maslahati organi raisligini saqlab qolishi aytilmoqda. Bu organ hokimiyat nazorati uchun qanchalik jiddiy dastak?
Davlatni ota va o’g’il boshqarishni boshlaydi. Sardor prezidentlikda, Berdimuhammedov Xalq maslahatida. Bu organning vakolati kuchayadi.
Ak Velsapar: Niyozov davrida joriy etilgan Xalq maslahati Berdimuhammedov hokimiyatga kelishi ortidan bekor qilindi, ammo keyinchalik u o’z hokimiyatini mustahkamlagach yana qayta tikladi. Bu organ davlat institutlari qarorlariga jiddiy qarshilik yaratishi mumkin.
Amerika Ovozi: Berdimuhammedov o’z iste’fosi ortidan Xalq maslahati vakolatlaridan qanchalik foydalanadi? Yoki bu shunchaki ramziy boshqaruv bo’ladimi?
Ak Velsapar: Yo’q, endi bu shunchaki ramziy emas, jiddiy dastakka aylanadi. 12-mart saylovlardan keyin Turkmanistonda nima bo’lishi mumkin? Davlatni ota va o’g’il boshqarishni boshlaydi. Sardor prezidentlikda, Berdimuhammedov Xalq maslahatida. Bu organning vakolati kuchayadi. Qonunchilikka kiritilgan so’nggi o’zgarishlarga ko’ra, mamlakat prezidenti bilan biror hodisa yuz bergan taqdirda prezidentlik vaqtincha Xalq maslahati raisiga yuklatiladi. Ya’ni saylovdan so’ng biror hodisa yuz bersa, Berdimuhammedov vaqtincha yana vakolatni olishi, hokimiyatga nevarasini olib kelishi mumkin.
Amerika Ovozi: Tabiiyki, bu yerda Turkmanistonda biror o’zgarish kutilishi mumkinligi haqida gap bormayapti?
Ak Velsapar: Yo’q, hech qanday o’zgarishlar kutilayotgani yo’q. Hammasi avvalgidek, turkman diktaturasi barqaror qoladi.
Amerika Ovozi: Bu saylovda muxolifat ishtiroki haqida nima deyish mumkin? Turkman muxolifati xorijda bo’lishiga qaramasdan saylovda qatnashishi haqida bayonot qilmoqda, ularning imkoniyati qanday?
Ak Velsapar: Sardor Berdimuahmmedovdan boshqa hech kimda hech qanday imkoniyat yo’q. Muxolifatga kelsak, ularning bu saylovda ishtirok etish qarori ko’proq uning soxtaligini bildirish uchun. Xalqqa, dunyo jamoatchiligiga turkman saylovlarining soxtaligini ko’rsatish juda muhim.
Muxolifat saylovga qo‘ymadi deb o’tirmasdan aniq bir harakatlar qilishi kerak. Turkmaniston demokratik muxolifati ham xorijda yashayotgan lideri Murot Qurbonov nomzodini prezidentlikka surdi. U hozir o’z dasturini e’lon qilish arafasida. Barchadan uni qo’llab-quvvatlashlarini so’rab qolamiz.