Shaxsga sig’inish madaniyat chuqur ildiz otgan Markaziy Osiyo bugun yana bir adolatsiz saylovga guvoh bo’ldi. G'arb axborot vositalari Turkmanistonda o'tgan prezident saylovlarini shunday tasvirlamoqda.
2007-yilda hokimiyatga kelgan Qurbonguli Berdimuhammedov ko'pchilik ovoz bilan qayta saylangan va prezidentlikning ikkinchi muddatini boshlaydi.
Bugun ovoz berish jarayonida saylov markazlarida davlat madhiyasi yangragan. Fuqarolar amaldagi rahbarni iqtisodiyotni mustahkamladi va ijtimoiy himoyani oshirdi deya maqtaydi. Turkmanistonda gaz, suv va elektr toki bepul.
Saylov oldidan Berdimuhammedov yurt kezib, obodonchilik, ta'lim va sog'liqni saqlash sohasini isloh qilish haqida gapirgan.
Turkman davlat matbuotiga ko'ra, ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning 96 foizi bugun saylovga chiqqan. Xalqaro tashkilotlar jarayonni kuzatmagani uchun bu ma'lumotni tasdiqlash qiyin. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylov baribir adolatli o'tmaydi deya o'z vakillarini yubormadi.
54 yoshli rahbar nafaqat prezident balki bosh vazir va qurolli kuchlarning bosh qo’mondoni hamdir. Parlament unga Turkmaniston qahramoni degan unvon ham bergan.
Rus tahlilchisi Aleksey Muxin fikricha bu saylovlar – ko’pchilikning ensasini qotiradigan tomosha. Chunki, Berdimuhammedovdan boshqa yana yetti nomzodning hammasi prezidentning hamtovoqlari. Bugun ovoz berishga chiqqanida ularning hammasi prezidentni maqtagan.
Turkmaniston tabiiy gazga boy davlat. Xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik aynan shu omilga bog’liq.
“Berdimuhammedov biladiki, energetik zaxira bilan ko’p narsaga erishish mumkin. Chet el Turkmaniston bilan shu sabab gaplashadi. Lekin yana bir haqiqatni unutmaslik kerak: Turkmaniston uchun imkoniyatlar cheklangan. Ularni hammani birdek rozi qila olmaydi. Sarmoya va savdo jamiyatdan oshkoralikni talab qiladi. Shuning uchun Turkmaniston hamisha keskin tanqid ostida”,- deydi Muxin.