Turkmanistonda TAPI gaz quvurining qurilishi boshlandi

  • Amerika Ovozi

Turkmaniston, Afg'oniston, Pokiston va Hindistonni bog'lovchi TAPI gaz quvurini qurish ishlari boshlandi. 1800 kilometrli quvur orqali yiliga 33 milliard kubometr gaz eksport qilish rejada.

Turkmanistonning Mari shahrida o'tgan marosimda Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani, Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif, Hindiston vitse-prezidenti Hamid Ansari va Prezident Qurbonguli Berdimuhammedov loyihaga start berishdi.

Turkmaniston rahbariga ko'ra, quvur 2019-yilning dekabriga borib bitkaziladi.

"Bu energetik manbalarga boy Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog'laydigan tashabbus bo'libgina qolmay, mintaqada yaqinroq iqtisod hamkorlik va integratsiyaga ham yo'l ochadi", - deydi Navoz Sharif.

10 milliard dollarlik loyihaga "mintaqaviy tinchlik quvuri" deb tilga olinadi, chunki azaliy raqiblar Pokiston va Hindistonni bir-biriga yaqinlashtirishi, shuningdek, Afg'onistonda barqarorlikka hissa qo'shishi mumkin.

Qo'shma Shtatlar TAPI gaz quvurining ishga tushirilishini quvvatlaydi va bu loyihaga mintaqadagi eng katta yutuqlardan biri deb qaraydi.

Obama ma'muriyati Markaziy Osiyo davlatlarini Janubiy Osiyo bilan hamkorlikni kengaytirishga undab keladi.