AQSh kompaniyalari: Turkmanistonda prezident bilan til topishsangiz, biznes bemalol

Turkmanistonda biznes qilish siri - prezident ko'ngliga yo'l topish

Turkmaniston, tabiiy gaz zaxiralari bo’yicha dunyoda yetakchi davlatlardan biri, o’zini xorij bilan biznes qilishga har tomonlama ochiq mamlakat deb tanishtiradi. Vaholanki, tashqi dunyo nazarida Turkmaniston har tomonlama eng yopiq jamiyatlardan biri. Xo'sh, xorijiy biznes hamkorlar nima deydi?

Your browser doesn’t support HTML5

Turkmaniston-Amerika-Biznes-Navbahor Imamova


Vashingtonda tadbirkorlar va mutaxassislar bilan kechgan davra suhbatidan hikoya qiladi.

Qo’shma Shtatlar va Turkmaniston orasidagi savdo aylanmasi o’tgan yili qariyb 300 million dollarni tashkil etgan. Amerika 261 million dollarga yaqin miqdorda mahsulot eksport qilgan, import esa 31 million dollardan oshiq.

Vashington nazarida respublika bilan biznes qilish o’tgan yillarda biroz osonlashgan ammo mamlakatga sarmoya olib kirish, biror soha yoki sanoatni rivojlantirishga hissa qo’shib, daromad olish murakkabligicha qolmoqda. Butun tizim islohotlarga muhtoj, deya bildiradi Davlat departamenti. O’zaro savdoni nazorat qiluvchi bitim va kelishuvlar mavjud. Lekin mulkka egalik xususidagi qonunlar va soliq tizimining eski ekani hamkorlikni kengaytirish yo’lidagi asosiy to’siqlardan.

Korrupsiya chuqur ildiz otgani, oshkoralik yo’qligi va xususiy sektor deyarli mavjud emasligi sabab ham, "Transparency International" xalqaro tashkilotiga ko’ra, Turkmaniston dunyodagi eng qiyin muhitlardan biridir.

Lekin bu davlat bilan uzoq yillardan beri ishlab kelayotgan yirik kompaniyalar hamkorlikdan mamnun.

“Turkmaniston biznes uchun ochiq”,- deya ta’kidlaydi Brayan Lopp, “Boeing” samolyotsozlik kompaniyasi vakili. “Sabr-toqat bilan yondashsangiz, bu mamlakatda imkoniyatlar talay”.

Turkmaniston o’z havo yo’llari uchun sobiq ittifoq ichida birinchi bo’lib “Boeing” samolyotlarini sotib olgan. Aviakompaniya bu xalq uchun katta daromad manbai, deydi Lopp, reyslar to’la uchadi, xavfsizlik bobida ham ancha yuqori o’rinda.

Turkmanboshi buyurtirgan samolyotlar "Boeing" ning eng eksklyuziv mahsulotlari bo'lgan.

“Boeing” vakili bir haqiqatni tan oladi: Turkmanistonda bir kishi bilan til topishsangiz bas – prezident. Oddiy qilib aytganda, Qurbonguli Berdimuhammedov bilan aloqa joyida bo’lsa, ishlar besh. Qarorni u qabul qiladi. Buyruq berildimi, so’zsiz bajariladi.

Muammoga kelganda, deydi Brayan Lopp, turkman rasmiylari bilan kommunikatsiya qiyin. Kim nima uchun mas’ul ekanini bilib olib, undan zarur javob olguncha uzoq vaqt o’tadi, bu esa biznesga zarar.

AQSh-Turkmaniston Biznes Kengashi rahbari Erik Styuart deydiki, tijoriy hamkorlik shaxsga borib taqaladi. Ya’ni, agar individual tomonlar kelisha olsa va daromad qilishni chin dildan istab, bel bog’lasa, har qanday muhitda ishlash mumkin.

Qishloq xo’jaligi sohasida ishlaydigan “AGCO” kompaniyasi vakili Filip de Leon fikricha ham Turkmanistonda hamma narsa bir shaxs qo’lida ekani chet el kompaniyalari uchun vaqt va quvvatni ayaydi. Bilasizki, agar prezident xohlasa, biznes bo’ladi.

“Biz AQShdagi eng yirik 200 kompaniyadan birimiz. Global me’yorlarga bosh egib, qonun-qoidalarga bo’ysunish – burchimiz”, - deydi u.

Turkmanistonda “AGCO” nima qilayotgani sir emas, hisobotlar hammaga ochiq, deydi Filip de Leon.

Bu vakillarning aytishicha, respublikada korrupsiya chuqur ildiz otgani “Boeing” va “AGCO” singari kompaniyalar ham korrupsiyalashgan degani emas.

Gap shundaki, bu ikki katta biznes Turkmanistonda idoraga ega emas va sanoqli xodimi bor xolos. Ular bu davlatga mahsulot sotadi, lekin mamlakatning ichida biror filiali yo’q. Balki shu bois ichki muhitdan bexabar. Ular Turkmanistonda bevosita ish o’rinlari yaratmayapti, odamlarning tirikchiligiga to’g’ridan to’g’ri ta’sir qilmayapti, deya sharhlaydi ularni tinglagan ekspertlar.

Biznes vakillari va lobbichilarni tinglagan ziyolilar deydiki, Turkmanistonda chet el bilan hamkorlikdan foyda ko’rayotganlar juda kichik doira.

Turkmaniston “Boeing” va “AGCO” mahsulotlarini sotib olayotgani bu o’lkada biznes imkoniyatlar keng degani emas, deydi kuzatuvchilar. Bu kompaniyalar oddiy xalq hayoti qanchalik qiyin ekanini bilmaydi, ular faqat elita bilan ishlayapti.

Kompaniya vakillari esa talab bor joyda imkoniyat ham bor, deya javob qiladi. Turkmaniston siyosiy va iqtisodiy islohotlarga muhtoj ekani esa boshqa masala.