AQSh: Ukrainada sulh kuchga kirish arafasida Rossiya separatistlarga qurol uzatmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiyaparast kuchlar, Debaltseve, 13-fevral, 2015

Ukrainada 15-fevraldan binoan yangi sulh kuchga kiradi. Rossiya, Fransiya, Germaniya va Ukraina rahbarlari Belarus poytaxti Minskda shunga kelishib olgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi ertaga favqulodda majlis o'tkazib, Rossiya tanishtirgan rezolyutsiya loyihasiga ovoz beradi. Hujjatda barcha tomonlardan sulhga birdek bosh egish talab qilinadi.

Kecha tunda Ukraina sharqida yuz bergan hujumlarda 26 kishi, xususan ukrain askarlari va fuqarolari o'lgan.

Amerika Rossiyani ayblamoqda. Vashington nazarida sulh deb bong urib turgan Kreml sharqdagi separatistlarni zimdan qurol bilan ta'minlashda davom etmoqda.

Rossiya buni inkor etadi. 10 oy ichida Ukrainada 5400 kishi nobud bo'ldi.

AQSh Davlat departamentining bildirishicha, o'tgan bir necha kun ichida Rossiyadan Ukrainaga katta miqdorda harbiy texnika, tanklar va raketa sistemalari kirib kelgan.

"Debaltseve atrofidagi punktlarda omborlar to'ldirilgani haqida yaxshi xabardormiz va Rossiya qo'shinlari hududda yurganini isbotlobchi dalillar qo'limizda yetarli", - deydi Jen Psaki, Davlat departamenti so'zlovchisi.

Chegaraning har ikki tomonidan ruslar juda faol, deydi u.

Bugun yarim kechadan sulh kuchga kirishi kutilar ekan, Kremlning separatistlarni qurol-aslaha bilan ta'minlayotgani nimadan darak? AQSh va Yevropa diplomatlari shunday savol bermoqda. Rossiya rasmiylari bu safsata deydi.