Bugun NATOning Bryusseldagi bosh qarorgohida Ukrainaga Rossiyaga qarshi urushda harbiy yordam berayotgan mamlakatlar mudofaa vazirlari 13-bor majlis qildi.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin 50 ga yaqin ittifoqchi davlatlarni Kiyevga kattaroq yordam ko’rsatishga, ayniqsa havo mudofaasi tizimiga taalluqli ko’proq qurol va o’q-dori berishga chaqirdi.
Ostin hozirgi mojaroni sprint emas, uzoq muddatli marafon deb atadi.
"Ko’magimizni jang maydonidagi sharoit va Ukraina qurolli kuchlarining ehtiyojlariga qarab moslashtirishda davom etamiz”, - dedi Amerika vaziri.
Majlisda qatnashgan Ukraina Mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov Ukrainaning qarshi hujumi qanday ketayotgani haqida hisobot bergan.
G’arb matbuotidagi ayrim xabarlar va Rossiya Mudofaa vazirligiga ko’ra, iyun boshida boshlangan qarshi hujumning birinchi kunlarida Ukraina ko’plab harbiy texnika va askar yo’qotgan, sezilarli yutuqlarga erisha olmagan.
Kuzatuvchilarga ko’ra, havoda ustunliksiz jang maydonida muvaffaqiyatga erishib bo’lmaydi. Reznikovning aytishicha, NATO mamlakatlari ukrainalik harbiy uchuvchilarni AQShning F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishni o’rgatishga kelishib olgan. Tashabbusga Niderlandiya va Daniya bosh bo’ladi. Uchuvchilar va texnik xizmat ko’rsatish personali tayyorgarlikdan o’tganidan so’ng Ukrainaga F-16 samolyotlarini berish ko’zda tutilgan.
Niderlandiya harbiy-havo kuchlari 24 ta ana shunday samolyotga ega va yana bir nechtasi ta’mirda. A’zo davlatlar eskiroq samolyotlarini Ukrainaga uzatsa, AQShdan ancha zamonaviyroq F-35 qiruvchi samolyotlarini olish imkoniga ega bo’ladi.
Shu hafta urushni yoritayotgan rossiyalik blogerlar bilan suhbatlashgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin G’arb qurolisiz Ukraina jang maydonida qarshilik ko’rsatishga ojizlik qilishini aytdi.
Alyansning kelasi oy Vilnyusda bo’ladigan sammitida Ukrainaning NATOga qo’shilish istagi, urushdan keyingi xavfsizlik kafolatlari ham muhokama etiladi. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukrainada urush davom etgunga qadar a’zolik haqida gapirishga erta ekanini aytgan.
Alyansga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari mudofaa sanoatida ishlovchi kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashib, Ukrainaga ko’proq harbiy yordam berish va o’z o’q-dori zaxiralarini to’ldirish maqsadida ulardan ishlab chiqarishni kuchaytirishni so’rashi kutilmoqda.
Bryusseldagi majlisda Turkiyaning yangi mudofaa vaziri Yashar Guler ham qatnashgan. Bu mamlakat prezidenti Rajab Toyib Erdog’an alyansga a’zo bo’lishga umid qilayotgan Shvetsiya Anqaraning terrorchilikda gumon qilinayotgan odamlarga qarshi chora ko’rish talabini hanuz bajarmaganini aytib, Turkiya Stokgolmning a’zolik uchun arizasini yoqlashga tayyor emasligini ta’kidladi.
Alyans a’zolari harbiy sarfiyatlarni oshirish xususida ham gaplashgan. Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistoriusning aytishicha, uning mamlakati yalpi ichki mahsulotning 2 foizini mudofaaga ajratish rejasiga 2024-yilda erishishini bildirdi. Estoniya esa bu ko’rsatkichni 2,5 foizga oshirishni taklif etmoqda.
Pistorius, shuningdek, sentabrda NATO rahbari lavozimidagi mandati tugayotgan Stoltenbergni yangi muddatga tayinlash g’oyasini qo’llab-quvvatlashini bildirdi.
2014-yildan beri NATOni boshqarayotgan Stoltenberg o’tgan yili istefoga chiqishi kerak edi, biroq Ukrainadagi urush sabab mandati bir yilga uzaytirilgan edi.