Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko sharqdagi hududlar muxtoriyatini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasini shu hafta parlamentga kiritishini bildirdi. Biroq ular Ukraina tarkibida qolishi lozim.
Xususan, isyonchilar nazoratidagi Donetsk va Lugansk viloyatlariga maxsus maqom beriladi, ammo federallashtirish yoki Ukraina tarkibidan chiqish haqida gap bo’lmasligi kerak, deydi u.
O’tgan hafta tomonlar sulh va asirlarni ayirboshlashga kelishib olgan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Poroshenko bilan bu hafta ikki bor telefonda vaziyatni muhokama qilgan.
Rossiya mojaroni tugatish uchun hissa qo’shayotganiga qaramay, Qo’shma Shtatlar unga qarshi sanksiyalarni kengaytirish haqida gapirmoqda. Yevropa Ittifoqi ham yangi sanksiyalarga kelishib olinganini kecha ma’lum qildi, biroq choralar bir necha kundan so’ng kuchga kiradi.
Putin Ukrainadagi mojaroda G'arb va NATOni ayblab, Rossiya xavfsizligiga har qanday tahdidga javob berilishini aytdi. Unga ko'ra, Ukraina mojarosi NATOni tiklash uchun o'ylab topilgan.
Putinning aytishicha, Rossiya dushmanga yadroviy zarba berish salohiyatini kuchaytiradi, strategik va uzoq masofali aviatsiyani takomillashtiradi, fazoviy mudofaa tizimiga jiddiy diqqat qaratadi.
Bu yangi qurol poygasi degani emas, dedi Putin.