BMT: Ukraina sharqida inson huquqlari oyoq osti qilinyapti

  • Amerika Ovozi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ogohlantirishicha, Ukraina sharqida ro’y berayotgan zo’ravonliklar inson huquqlari bilan bog’liq ahvol keskin yomonlashishiga olib kelgan va mamlakat parchalanib ketishi mumkin.

Rossiya tomonidan bosib olingan Qrimda ham ozchilikdagi guruhlar tazyiq ostida, deyiladi tashkilotning 36 sahifadan iborat hisobotida.

Kreml xalqaro organ xulosalarini noxolis, deya rad etadi.

Ukraina sharqida markaziy hukumatni tan olmaydigan, yaxshi qurollangan guruhlar qiynoq va kaltaklash, odam o’g’irlash, qo’rqitish, zo’rlash va boshqa jinoyatlarga qo’l urgani aniqlangan.

Ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar ham qattiq bosim ostida. Xususan Slavyansk shahrida qurollangan to’dalar xorijiy va mahalliy 23 muxbirni garovga olgani ma’lum. Qrimda qator radio va telestansiyalar yopilgan.

Yarimorol Rossiyaga qo’shib olinganidan beri bu yerni 7200 odam tark etgan, aksariyati tatarlar. Bu elatga qarshi nafrat va propaganda yog’ilayotgani xavotirga molik, deydi ahvolni o’rgangan xalqaro tadqiqotchilar.

Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlarida o’tgan hafta referendum o’tkazilib, ular o’zlarini “xalq respublikalari” deya e’lon qildi.

Separatist guruhlar 25-mayga belgilangan prezident saylovlarida qatnashmasligini bildirgan va Rossiya tarkibiga qo’shilishni so’rab, prezident Vladimir Putinga murojaat qilgan.

G’arb davlatlari Ukrainada prezident saylovlari ochiq va adolatli ravishda o’tishi tarafdori. AQSh, Britaniya va Germaniyaning ogohlantirishicha, Rossiya jarayonni izdan chiqarishga urinsa, unga qarshi yanada kuchliroq iqtisodiy sanksiyalar qo’yiladi.