Ikki hafta avval Malayziya samolyotining urib tushirilishi hamda Rossiya askarlarining chegara ortidan turib Ukrainani o’qqa tutayotgani haqidagi xabarlar ketidan Ukraina va Rossiya o’rtasida axborot urushi avj oldi.
Ukrainaning milliy xavfsizlik bo’yicha so’zlovchisi har kuni ikki marta matbuot anjumani o’tkazadi. U Ukraina sharqida davom etayotgan harbiy amaliyotlar haqida ma’lumot berib, Rossiyani qo’shni davlat hududiga daxl qilayotganlikda ayblaydi.
Rossiya bu da’volarni inkor etib, otishma va hatto Malayziya samolyotining urib tushirilishida Ukrainani ayblaydi. Ukraina va G’arb nazarida esa, yo’lovchi samolyotini Rossiya ko’magida isyonchilar nishonga olgan.
Axborot hujumlari keskin tus olmoqda. Kiyevda rossiyaparastlar yig’iladigan cherkovda ham odamlar kimning yonini olishni biladi.
“Rus matbuotiga faqat Rossiya odamlari ishonadi. Chunki ular KGBning maxsus vositalaridir. Biznikilar haqiqat nimaligini yaxshi biladi”, - deydi Irina ismli fuqaro.
“Albatta, o’z prezidentimga ishonaman. Yangi hukumatga ishonaman. Yangi Ukrainada yashashni istayman”, - deydi yana bir ukrainalik ayol.
Ukraina sharqidan yaqinda Kiyevga kelgan Damir esa kimga ishonishni bilmay boshi qotgan.
“Anig’ini aytish qiyin, chunki men Donetskdanman. U yerda faqat Rossiya kanallarini ko’rishadi. Kiyevga o’g’limni ko’rgani keldim, bu yerda faqat Ukraina kanallari. Ularni qanaqa qilib qiyoslay? Axir, harbiy amaliyotlarda o’zim ishtirok etmagan bo’lsam. Kimga ishonishimni bilmayman”, - deydi u.
Axborotning aksariyati an’anaviy matbuot vositalari orqali yetkazilmoqda, ammo internet va telekanallar ta’siri ham oshib boryapti. Mustaqillik maydoni ostidagi metro bekatida joylashgan gazetalar do’koni sotuvchisi Irinaning aytishicha, inqilobdan so’ng odamlarning nima o’qishida ham o’zgarish ro’y berdi.
“Ko’plar Ukraina gazetalarini sotib oladi. Rossiya gazetalari ko’p sotilmayapti. Bir-ikkita sotaman, lekin ilgarigidek emas. Hozir, asosan, o’zimizniki”, - deydi u.
Qaysi tomon yozishiga qarab, Ukraina inqilobi yo demokratiya olib keldi yoki fashizm va parokandalikka yetakladi. Qrimning Rossiyaga qo’shib olinishi hamda sharqiy viloyatlarda boshlangan mojaro esa xalqaro qonunlarning toptalishi yoki rusiyzabon aholi huquqlarining himoyalanishi sifatida taqdim etilmoqda.
“Shu yil va o’tgan yili axborot vositalari haqiqatni o’zgartirib yubordi”, - deydi axborotlarni o’rganuvchi Dmitriy Zolotuxin.
“Matbuot ustidan kim hukmronlik qilsa, haqiqatga ta’sir o’tkaza oladi. Agar qo’rquv va nafrat haqiqatga aylanishini istasangiz, ommaviy axborot vositalarini olib, o’zingiz istagan haqiqatni yaratishingiz mumkin”, - deydi u.
Ukraina so’nggi oylarda og’ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Ammo Zolotuxin so’zlariga ko’ra, mamlakat kelajagi, ko’p jihatdan, odamlar bu hodisalarni qanday qabul qilishiga va qudratli qo’shni davlat bilan aloqalar qanday bo’lishiga bog’liq.