Qozog'istonlik muxolifatchi: Ukrainadagi namoyishlar biz uchun tajriba

Ortga qaytmaymiz, deydi Ukraina muxolifati

Ukraina ikki oydirki hukumatga qarshi namoyishlar girdobida. Muxolifat Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuv talabini olg’a surar ekan, isyon Markaziy Osiyodagi jamoatchilik tomonidan ham qo’llab-quvvatlanmoqda. Xususan, Qozog’iston muxolifatidan namoyishlarda ishtirok etayotganlar bor. Ular nazarida Ukrainadagi jarayonlar qo’shnilar uchun ham tajriba bo’lishi, mintaqaga ta’sir qilishi mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

Qozog'istonlik muxolifatchi: Ukrainadagi namoyishlar biz uchun tajriba/Malik Mansur


Kiyevda bu safargi to’qnashuvga prezident Viktor Yanukovich farmoni turtki bergan. Unga ko'ra, namoyishlar o’tkazish cheklandi.

Namoyishlar ortidan qabul qilingan qonun demokratik qadriyatlar, so’z erkinligini toptashi aytilmoqda. Muxolifat, umuman, jamoatchilikning asosiy talabi Yevropa Ittifoqiga kirish, demokratik qadriyatlarni mustahkamlash.

Ikki oydirki, Ukrainada davom etayotgan bu g'alayonga dunyo befarq emas. Hozirgacha AQSh va Yevropadan siyosatchilar, taniqli san'atkorlar, faollar Kiyevda Ukraina xalqini qo’llab chiqish qilishdi. Ular orasida Markaziy Osiyo muxolifatidan ham vakillar bor.

Qozog’iston sotsial-demokratlar partiyasi faoli Tazabek Sambetbay namoyishlarni qo’llab-quvvatlash uchun Kiyevga bordi. U “Amerika ovozi” bilan suhbatda o’z erki, haq-huquqlari uchun bosh ko'targan Ukraina xalqi tajribasi mintaqa uchun muhimligini aytadi.

“Biz Ukrain xalqini qo’llab keldik. Erksevar xalq, ular ozod bo’lishga, o’z yo'lini mustaqil ravishda belgilashga haqli va shunga munosib. Ukraina xalqi, boshqa davlatlar xalqi ham o’z taraqqiyotini biror bosimlarsiz belgilashi kerak. Men ozodligi uchun namoyishga chiqayotgan bu xalq bilan faxrlanaman. Umid qilamaki, bu kabi namoyishlar mintaqa davlatlaridagi jarayonlarga ham ijobiy ta'sirini o’tkazadi”, - deydi Tazabek.

Uningcha, Ukraina namoyishlari demokratik qadriyatlar uchun kurashni maqsad qilgan mintaqadagi muxolifat uchun yaxshi tajriba bo’ladi.

“Afsus, bu yerda mintaqa vakillaridan kamchilik, lekin o’ylashimcha, Markaziy Osiyo muxolifati to’laligicha maydonda namoyon etilishi kerak. Chunki bizning mintaqamizda ham odamlar xuddi ukrainlar kabi o’ylashadi, ozodlik va demokratiyaga umid qilishadi. Afsuski, bugun biz mintaqada demokratik vaziyatning tobora yomonlashib borayotganini kuzatayapmiz. Xususan, Qozog’istonda bugun Ukrainadagi kabi vaziyat yuzaga kelmoqda. Qozog’iston Bojxona Ittifoqiga a’zo bo’lishi mamlakat iqtisodini og'irlashtirdi, Rossiya tovarlari mahalliy biznesni siqib qo’ymoqda. Qozoq muxolifati Rossiya bilan aloqani boshqa bir shaklga ko’chirish tarafdori”, - deydi Tazabek Sambetbay.

Chiqishlar dekabrda, prezident Viktor Yanukovich Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik shartnomasini imzolashdan bosh tortishidan so’ng boshlangan edi.

Bu davlat muxolifati Yakunovichni Rossiya prezidenti Vladimir Putin irodasiga bo’ysinishda ayblab keladi. Fuqarolar talablar qondirilmas ekan, g'alayon davom etishini bildirib kelmoqda.

Kiyev, Ukraina: Maydonda hamon namoyishlar