Ukraina uchun Rossiya agressor, Markaziy Osiyo kim tomonda?

Putin va Karimov, 10-dekabr, 2014

Rossiyani agressor davlat deb biluvchi Ukraina parlamenti xalqaro jamoatchilikdan bu ta'rifni qo’llab-quvvatlashni so’ramoqda. Rossiya-Ukraina kelishmovchiligiga o'ta ehtiyotkorona yondashayotgan Markaziy Osiyo jarayonni xavotir bilan kuzatmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Markaziy Osiyo, Ukraina masalasi bo'yicha kim tomondasiz? Malik Mansur

Rossiyani aggressor davlat deb atash siyosiy bayonet xolos. Ukraina parlamenti qabul qilgan hujjat biror yuridik kuchga ega emas. Mariupoldagi qonli xurujlar ketidan ma’qullangan bu bayonotda Rossiya terrorizmni qo’llab, BMT Xavfsizlik Kengashi faoliyatiga to’siq qo’yayotganlikda ayblanadi.

Kreml nazarida esa Kiyevdagi hukumat millatchi, rus aholiga zulm o'tkazayotgan fashist tuzum va G'arb qo'lida o'yinchoq. NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi sharq tomon kengayishi uchun xizmat qilayotgan tuzum.

Parlament Ukrainani Rossiya tajovuzidan himoya qilishga chaqirib, dunyo ahliga murojaat qilmoqda. Rossiya Ukraina yerlarini bosib oldi va buni rasman tan olish kerak, deyiladi hujjatda.

Rada, oddiy qilib aytganda, xalqaro jamoatchilikdan Rossiya siyosatiga nisbatan pozitsiyani aniqlashtirishni so’ramoqda.

Markaziy Osiyo qay yo’ldan borsin? Hukumatlar nima qiladi?

“Bu rezolyutsiya birinchi navbatda G’arb davlatlariga qaratilgan”, - deydi Ukrainada yashayotgan qozoq muxolifatchisi Aydos Sodiqov.

“G’arb Ukrainani qo’llab kelayapti. Obama ham, [Germaniya kansleri Angela] Merkel ham bu borada o’z pozitsiyasini bildirgan. Lekin hozirgi holatda savol ko’ndalang qo’yilmoqda: Siz Ukraina yaxlitligini himoya qilasizmi yoki Rossiya tarafidamisiz? Chunki vaziyat chigallashib borar ekan, bu masala xalqaro maydonda yanada keskinroq ko’tariladi. Hozirgacha sukutda bo’lib kelgan davlatlar ham o’z pozitsiyasini ochiqroq bildirishga majbur bo’ladi ”.

Hozircha asosan G’arb davlatlari Rossiyaga qarshi turibdi, ayniqsa Yevropada Rossiyadan xavfsirash kuchli, ammo Ukraina masalasida betaraf bo’lishga harakat qilayotgan mintaqa uchun ham Moskva tahdidi real xavf.

“Gap shundaki, Putin rejimi Nazarboyev hokimyatining asosiy kafolati, Putin bo’lmasa Nazarboyev ham bo’lmaydi. Shunday ekan, Qozog’istonning pozitsiyasi aniq, Rossiyani yoqlab chiqadi. Karimov rejimi ham Putin bilan bog’liq, ammo Nazarboyev darajasida emas, deylik Putin rejimining qulashi Karimovga nisbatan keyinroq, bilvosita ta’sir qilishi mumkin”, - deya mulohaza yuritadi Aydos Sodiqov.

O’zbekiston rasman Ukraina yaxlitligini qo’llab chiqqan. Islom Karimov Ukraina masalasida vaziyatdan kelib chiqib turli bayonotlar qilgan. Mustaqil davlatlar hamdo’stligining Minskdagi sammitida Karimov Ukraina hukumatini ham tanqid qilib, Rossiyaning tarixiy manfaatlari bilan hisoblashish zarur deya ta’kidladi.

Karimov yaqinda Oliy Majlisda so’zlaganida O’zbekistonga SSSR kabi tuzilmalar kerak emasligini aytdi.

“Ukraina hozirgi katta siyosatning boshlanish uchlari xolos” ,- deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov. “Hozir aytish mumkinki, Rossiyaning 2008-yilda Gruziyaga qilgan hujumi mutlaqo tasodif emas. Bular hammasi qonuniy bir tizimda rivojlanmoqda. Rossiya siyosatining yo’nalishini belgilaydi. Navbatdagi mana Ukraina bo’layapti. O’zbekiston ham shu navbatda edi, ammo Rossiya Ukrainada ancha tutilib qoldi. Shu ma’noda Karimovning SSSR kabi tizimlarga qaytmaslik haqidagi gapi Putin va uning siyosatiga qarshi qaratilgan deyish mumkin “.

Aydos Sodiqov fikricha, Karimov Ukraina inqirozida G’arb tomonda bo’lishi ehtimoldan xoli emas.

“Qozog’iston Ukraina mojarosida vositachilikka da’vogar bo’lsa-da, Nazarboyev har qanday vaziyatda Rossiya tomonda bo’lishi shubha uyg’otmaydi. Karimov esa bu masalada biroz mustaqilroq, betaraflikni ma’qul ko’radi. Lekin bu masala BMTda ko’tarilib, ishtirokchilarda, deylik, Xitoyda ham munosabat o’zgaradigan bo’lsa, O’zbekiston Ukraina masalasida Rossiyaga qarshi ovoz berishi mumkin, ya’ni Rossiya harakatlarini qoralab”, - deydi Sodiqov.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining bayonotlarida Ukraina hududiy yaxlitligi kafolatlanishi kerak, deya takidlanadi. Toshkent nazarida masala muzokara orqali hal etilishi kerak.