Ukraina Qrimdan qo'shinlarini chiqarishga qaror qildi

  • Amerika Ovozi

Ukrainalik harbiylar Qrimga yaqin joylashgan Xerson viloyatidagi nazorat punktida, 23-mart, 2014-yil

Rossiya harbiylari Qrimdagi ukrain harbiy bazalarini nazoratiga olganidan so’ng Ukraina muvaqqat hukumati barcha qo’shinlarini yarimoroldan chiqarishni buyurdi. Qrim o’tgan yakshanba kungi referendum natijasida Rossiyaga qo’shildi.

Hududdagi ukrainalik askarlarga Rossiya qurolli kuchlari safiga qo’shilib, Qrimda qolish, aks holda uni tark etish taklif etilgan. Rossiya matbuotiga ko’ra, yarimoroldagi 18 ming ukrainalik askardan ikki minggi Ukraina qurolli kuchlarida qolishni afzal ko’rgan.

Bugun Rossiya harbiylari Feodosiyadagi harbiy-dengiz bazasini ham ishg’ol qilgan. Kecha esa Belbekdagi harbiy-havo bazasi qo’lga kiritilgan. Amaliyot paytida o’q ovozlari eshitilgan.

Bazadagi ukrain harbiylari qarshilik ko’rsatmagan. O’sha kuniyoq Novofyodorovkadagi baza ham Qrimdagi yangi hukumat qo’liga o’tgan.
AQSh, Yevropa Ittifoqi va Ukraina hukumati yarimoroldagi referendum natijalarini tan olgani yo’q. Rossiyaga bu mamlakatlar tomonidan bir qator sanksiyalar joriy etilgan. Kreml vaziyatni yanada izdan chiqarsa, unga nisbatan qo’shimcha jazo choralari qo’llanilishi mumkinligi aytilgan.

Kecha Bryusselda NATO qo’mondoni general Filip Bridlavning aytishicha, Rossiya Ukraina chegarasi bo’ylab yirik qo’shin tortgan va yangi hududlarni qo’lga kiritish ustida o’ylanayotgan bo’lishi mumkin. General 1990-yillar boshida Rossiya yordamida Moldova tarkibidan chiqqan Pridnestrovyeni nazarda tutmoqda.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu o’tgan hafta AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel bilan suhbatda rus qo’shinlarining chegarani kesib o’tish niyati yo’q, deya ishontirgan.

AQSh prezidenti Barak Obama hozir Yevropada. U Katta Yettilikka a’zo davlatlar rahbarlari bilan favqulodda majlis qilib, Rossiyaga nisbatan yangi jazo choralarini muhokama qiladi.

Obama va Kerri bugun Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashishi kutilmoqda.