Ukrainada qurbonlar soni ortib bormoqda

  • Amerika Ovozi

Kiyevdagi manzara

Ukrainada hukumat va muxolifat sulhga kelishganiga qaramay, zo’ravonliklar yangidan avj olib, ayrim xabarlarga ko’ra, bugunning o’zida kamida 64 kishi nobud bo’lgan. Bu so’nggi ikki kunda jon bergan 28 odamga qo’shimcha ravishda.

Yevropa Ittifoqiga a’zo uch mamlakat – Germaniya, Polsha va Fransiya tashqi ishlar vazirlari Kiyevda prezident Viktor Yanukovich bilan uchrashib, inqirozdan chiqish yo’llari xususida gaplashgan.

Bugun Bryusselda ittifoq tashqi ishlar vazirlari favqulodda majlis qilmoqda. Unda zo’ravonliklarga qo’l urgan shaxslarga qarshi jazo choralari muhokama qilinadi.

Militsiya va namoyishchilar to’qnashuvi oqibatida 300 ga yaqin odam kasalxonaga joylashtirilgan, jumladan 88 militsioner, olti jurnalist va bir deputat. Namoyishchilarning ba’zilarida qurol borligi aytilmoqda.

19-fevral kuni Yanukovich va muxolifat yetakchilari yarash bitimini imzoladi. Prezident vebsaytida e’lon qilingan bayonotda sulhdan maqsad “ijtimoiy tinchlik yo’lida qon to’kilishlariga yakun yasash hamda vaziyatni barqarorlashtirish” ekani aytilgan.

Sulh e’lon qilinishidan bir necha soat avval prezident armiya rahbarini ishdan bo’shatdi. Ichki ishlar vazirligi esa “anti-terror” amaliyotini e’lon qilib, namoyishchilar bir necha joyda qurol omborlarini egallab olganini hamda qurol-aslaha va o’q-dorilarni o’g’irlaganini ma’lum qildi. Xususan, Lvov shahrida ular ichki ishlar boshqarmasi va xavfsizlik xizmati idorasini ishg’ol qilngan.

Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Oleksandr Yakimenkoning aytishicha, jami bir yarim ming qurol, 100 ming o’q-dori o’g’irlangan. Kiyev-Lvov yo’nalishi bo’yicha poyezd qatnovi vaqtincha to’xtatilgan.

Bir necha odamning, jumladan bir militsionerning snayper o’qidan o’lgani ma’lum. Ichki ishlar vazirligi poytaxtda aksilterror amaliyot e’lon qilgan. Militsionerlarga qurol tarqatilib, himoya uchun qo’llashga ruxsat berilgan.

AQSh, Germaniya va Fransiya zo’ravonliklarni qoralab, bayonot chiqargan.

Prezident Barak Obama Ukraina hukumatini vaziyatni yumshatishga chaqirib, bo’layotgan voqealarga uni mas’ul tutishini bildirgan. Vashington Ukrainaning 20 rasmiysiga viza cheklovlari joriy etgan.

Rossiya esa qonli namoyishlarni "hukumatni ag’darishga qaratilgan harakat" deya baholamoqda. Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov Vladimir Putinning inqirozni bartaraf etishda Ukraina hukumatiga maslahat berayotgani haqidagi da’volarni inkor etib, Moskva Ukraina ichki ishlariga aralashmasigini ta’kidladi.

Prezident Vladimir Putin bugun Kyevga inson huquqlari bo’yicha vakilini yubordi.

Bu o’rtada Sochida Qishki Olimpiya o’yinlarida ishtirok etayotgan ukrainalik sportchilarning 45 nafari musobaqani erta tugatib, vataniga qaytgan.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida agar vaziyat keskinlashishda davom etsa, mamlakat ikkiga bo’linib qolish xavfi bor. Xususan, Qrim rasmiylari Kiyevda qonuniy hukumat ag'darilsa, Ukraina tarkibidan chiqishini ma'lum qilishini bildirdi.

http://english.share.voanews.eu/flashembed.aspx?t=vid&id=1855314&w=500&h=284&skin=embeded

Ukrainada qurbonlar soni ortib bormoqda