Ukraina gaz bo'yicha Rossiya taklifini qabul qilmadi

  • Amerika Ovozi
Ukraina gaz narxini 20 foizga kamaytirishni ko’zlovchi Rossiya taklifini rad qildi. Mamlakat Bosh vaziri Arseniy Yatsenyukning aytishicha, har ming kubometr gaz uchun berilayotgan 100 dollarlik chegirma Ukraina talab qilgan shartlarga javob bermaydi.

“Rossiya 100 dollarlik chegirma taklif qildi. Biz Rossiyaning nimani ko’zlayotganini yaxshi bilishimizni ma’lum qilmoqchiman. Chegirma Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan e’lon qilinmoqda va shu hukumat yana uni bekor qilishi ham mumkin”, - dedi Yatsenyuk.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin taklifni rad qilgani uchun Kiyevni muzokaralarni boshi berk ko'chaga boshlayotganlikda aybladi.

Gaz bo’yicha Rossiya va Ukraina o’rtasidagi hozirgi shartnoma 2009-yilda imzolangan. Unda Ukrainaga sotiladigan gaz narxi 1000 kubometr uchun 485 dollar qilib belgilangan edi.

Ukrainada boshlangan siyosiy inqiroz ketidan Moskva gaz narxini oshirishi haqida e’lon qilgach, shartnoma yuzasidan jiddiy kelishmovchilik yuzaga chiqdi.

Tomonlar gaz narxi va ta’minoti bo’yicha kelishuvga erishish uchun Bryusselda muzokara olib bormoqda. Ukraina 100 dollarlik chegirma bilan kifoyalanib qolmasdan, shartnomaning yangidan tuzilishini talab qilmoqda.

Moskva esa Kiyevdan gaz uchun avvaldan haq to'lashni talab qilmoqda. Agar qarzlarini vaqtida to’lamasa, Rossiya Ukrainaga gaz uzatishni to’xtatib qo’yishi haqida ogohlantirgan. “Gazprom” rasmiylarining ma’lum qilishicha, yangi narxlar bo’yicha belgilangan to’lovlarning o’tkazilishi uchun Ukrainaga keyingi haftagacha muddat beriladi.