BMT 70 yildan keyin ham muhim tashkilot

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

BMT 70 yildan keyin ham ahamiyatini yo'qotmagan

Ikkinchi jahon urushi yakunida Birlashgan Millatlar Tashkilotini tuzishdan maqsad kelajakda jahon urushining oldini olish edi. 70 yil bo'libdiki, dunyo katta urush ko'rmadi. Demak, tashkilot o'zining asosiy vazifasini ado etib kelmoqda.

Biroq mintaqaviy va mahalliy mojarolarning son-sanog'i yo'q. BMT 70 yilda qanday yo'lni bosib o'tdi?

1945-yilning ikkinchi yarmi. Ikkinchi jahon urushi endigina tugagan payt. AQShning San-Fransisko shahridagi anjumanda yangi tashkilotning nizomi ishlab chiqildi. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga dunyo tinchligini ta'minlash, inson huquqlarini targ'ib etish vazifalari yuklandi.

Prezident Garri Trumenning delegatlarga aytishicha, ba'zilar mamlakatlar orasidagi siyosiy tafovutlar tashkilot faoliyatiga halaqit beradi deb, uning muvaffaqiyatiga ishonmagan.

“Biroq urushni tugatishga qaratilgan mushtarak intilish barchani birlashtirdi, tafovutlar unutildi", - dedi Trumen.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo bo'lib kirgan 50 mamlakatdan 29 tasi uning nizomini tasdiqlagach, tashkilotga jon kirdi. Bugun unga 193 mamlakat a'zo.

Sobiq Bosh kotib Kofi Annanga maslahatchilik qilgan Maykl Doylning aytishicha, BMT darrov ishga kirishib ketdi.

“Sovuq urush davrida AQSh va Sovet Ittifoqi o'rtasida raqobat kuchayib, tashkilotning faoliyat yuritishi qiyinlashdi. Tinchlikparvar amaliyotlari cheklandi, BMT AQSh va Sovet Ittifoqi aralashishni istamagan mojarolarda ishlay oldi, xolos", - deydi hozir Kolumbiya universitetida ishlayotgan Doyl.

BMTning tinchlikparvar kuchlari boshida ikki ming atrofida bo'lib, 1956-yilda Suets kanali bilan bog'liq mojaroni yumshatishga safarbar etildi. Bugunga kelib, bu kuchlar soni 100 mingdan oshdi. BMT askarlari va politsiyachilari xavfli hududlarda fuqaro va gumanitar ishchilarni qo'riqlamoqda.

BMT urush va tabiiy ofat jabrdiydalarini gumanitar yordam bilan ta'minlaydi, mojarolarning oldini olishga, ularga barham berishga harakat qiladi. So'nggi yillarda esa dunyo idorasi iqlim o'zgarishi va qashshoqlikka qarshi kurash bilan shug'ullanmoqda.

“Dunyo o'zgarmoqda, BMT ham o'zgarib, unga moslashishi kerak. Eskichasiga ishlash mumkin emas", - deydi sobiq Bosh kotib Kofi Annan.

1945-yildan beri BMTda sakkiz rahbar almashdi. Kelasi yili yangi bosh kotib saylanadi. Ayrimlar nazarida lavozimga ilk bor ayol kishi saylanishi zarur.

Tashkilotni isloh qilishga, xususan veto huquqiga ega besh a'zosi bor Xavfsizlik Kengashini isloh qilishga da'vatlar yangramoqda.

“2015-yilga kelib, Xavfsizlik Kengashi 1945-yilda belgilangan shaklda ortiq ishlay olmasligini hamma tushunib turibdi", - deydi Nyu-York shahar universitetidan Tom Vays.

Maykl Doylning aytishicha, ba'zi mamlakatlar qudratga to'lib, kengashga to'laqonli a'zo bo'lishni, saylanadigan a'zolar esa jarayonlarda faol rol o'ynashni istaydi.

“Hindiston, Braziliya, Yaponiya, Germaniya kabi mamlakatlar jahon siyosatida kattaroq rol o'ynay olmayotganidan shikoyat qilmoqda. Xavfsizlik Kengashiga saylanadigan 10 a'zo esa o'zini ba'zida faol ishtirokchi emas, balki mehmon sifatida his qilishini aytadi", - deydi Doyl.

BMT yaxshi ishlashi uchun zamon talablariga moslashishi kerak.

“Jiddiy strukturaviy islohotlarsiz tashkilot bilan hech kim hisoblashmay qo'yadi, tarixiy yodgorlikka aylanadi", - deydi Tom Vays.

Biroq aksariyat kuzatuvchilar nazarida dunyoni Birlashgan Millatlar Tashkilotisiz tasavvur qilish qiyin.