Breaking News

BMT Bosh Assambleyasi qochqinlar masalasini ko'rib chiqadi


Gretsiyaga yetib kelgan suriyalik qochqinlar
Gretsiyaga yetib kelgan suriyalik qochqinlar

BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda boshlangan yillik sessiyasida Yevropada qochqinlar oqimi masalasi alohida muhokama qilinadi. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun mavzu yuzasidan yuqori darajadagi uchrashuv o’tkazadi. Uning, shuningdek, jahon davlatlari rahbarlariga murojaat qilib, qochqinlarga yordamni jadallashtirishni so’rashi kutilmoqda.

Avstriya va Yevropaning boshqa mamlakatlariga qochqinlar oqib kelishda davom etarkan, AQSh boshqa yirik davlatlar bilan birgalikda gumanitar inqirozni hal qilish yo’llarini izlamoqda.

BMT Bosh Assambleyasida bu masala muhokama etilishi aniq.

Seshanba kuni AQSh va Katta Yettilik guruhining boshqa a’zolari qochqinlar va gumanitar inqiroz mavzusida forum o’tkazadi.

“Qator hukumatlar mamlakatlardan mablag’ to’plash, hukumatlarni gumanitar masalalarda faolroq bo'lishga undashga tayyor”, - deydi AQSh davlat kotibining aholi, qochqinlar va migratsiya masalalari bo’yicha yordamchisi Ann Richard.

Shu hafta boshida Yevropa Ittifoqi ichki ishlar vazirlari 120 ming qochqinni joylashtirish rejasini qabul qildi.

Ittifoq davlatlari, shuningdek, qo’shni mamlakatlarda boshpana topgan suriyaliklar ehtiyojlari uchun bir milliard dollar ajratishni va’da qilmoqda.

AQSh ham gumanitar yordam ajratyapti, kelasi yilda esa 85 ming qochqinni qabul qilish niyatida. Ulardan kamida 10 ming nafari suriyaliklar bo’ladi.

“Hozirda qo’limizdan keladigan chora-tadbirlarni amalga oshiryapmiz. Imkoniyatlarimiz va mavjud muammolar, ya’ni byudjet chegaralanganini inobatga olishimiz kerak”, - deydi Davlati kotibi Jon Kerri.

AQSh bundan-da kattaroq yordam bersa bo’lardi, deydi inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkilotidan Bill Frelik.

“Allaqachon ko’proq qochqinni qabul qilish kerak edi, chunki o’tgan yili AQSh hududida bor-yo’g’i 100 suriyalik boshpana topdi”, - deydi u.

Gumanitar inqiroz paytida qo’l qovushtirib o’tirgan mamlakatlar ham tanqid ostida.

"Ko’proq qochqinni qabul qila oladigan mamlakatlar haqida gapiryapman. Masalan, Kanada, Avstraliya”, - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil markazi xodimi Matteo Garavogliya.

Tahlilchilarga ko’ra, qochqinlarning Yevropaga oqib kelishi bilan yuzlashgan G’arb bu yukni anchadan beri o’z yelkasida ko’tarib kelgan Yaqin Sharq mamlakatlariga yordam pulini oshirish harakatiga tushishi zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG