BMT: Afg'on xalqi o'zgarishni his etishi kerak

  • Amerika Ovozi

Kunar viloyatida Tolibonga qarshi hujumlar davom etmoqda

Qo’shma Shtatlar Afg’onistondan zobitlarini astalik bilan olib chiqa boshlaydi – shu oy oxirida 800, kuzga yaqin yana 800 askar vatanga qaytadi.

Raqamlarni general Deyvid Rodrigez, AQShning bu mamlakatdagi qo’mondonlaridan biri, jurnalislar bilan suhbatda e’lon qildi.

Afg’oniston masalasi kuni kecha BMT Xavfsizlik Kengashida ham muhokama qilindi.

Staffan de Mistura, BMTning Afg'onistondagi maxsus vakili

“Mamlakat tarixiy chorrahada turibdi”, - deydi BMT vakili Staffan de Mistura.

Gap faqat AQSh qo'shini chiqib ketishida emas.

“Yangi davrga qadam qo’yayotganini aholi his etishi, iqtisodiy-ijtimoiy islohotlar samarasi ular hayotida aks etishi kerak”, - deydi diplomat.

Tolibon so’nggi payt Afg’onistonda bir necha qonli xurujlarni amalga oshirgan, yirik kasalxona va Kobuldagi mehmonxona nishonga olingan edi. Staffan de Misturaning qayd etishicha, bu hodisalarga javob berishda xorijiy qo’shinlar deyarli aralashgani yo’q.

Kobul

Afg’onistonning BMTdagi vakili Zohir Tanin nazarida toliblar xurujlarga zo’r berayotgani bejiz emas, maqsad xalqaro koalitsiya va aholini vahimaga solish.

“Tinchlik muzokaralarini izdan chiqarishga harakat qilayotganlar bor. Terroristlarni pul va qurol bilan ta’minlayotgan tomonlar begunoh odamlar o’limida birdek aybdor”, - deydi afg’on elchisi.

Kobulda BMTdan yordam kutib navbatda turgan ayollar

Ayni paytda prezident Hamid Karzay va parlament o’tgan yilgi saylov natijalari yuzasidan tortishib keladi.

Karzay ko’rsatmasi bilan tuzilgan maxsus sud 62 qonunchi ishdan ketsin demoqda.

“Lekin bu siyosiy inqirozdan darak emas”, -deydi Zohir Tanin.

AQSh pozitsiyasi shuki, har bir jamiyatda, jumladan Afg’onistonda hokimiyat organlarining roli va vakolati aniq belgilangan. Kelishmovchiliklar qonun doirasida hal etilishi kerak.