Birlashgan Millatlar Tashkilotining Kobuldagi vakiliga ko’ra, Afg’onistonda hukumatning tinch yo’l bilan almashishi saylovlarning adolat bilan o’tishiga bog’liq. Ayni paytda Qatarda Tolibon bilan muzokara olib borish bo’yicha ishlar davom etmoqda.
BMT Xavfsizlik kengashi yig’inida Afg’oniston uchun mas’ul rasmiy Yan Kubish kelayotgan oylar mamlakatda jangarilar faoliyati kuchayishi kutilayotganini tilga oldi. Uning aytishicha, afg’on xavfsizlik kuchlari jangarilarga qarshi kurashga zo’r berar ekan, Tolibon bunga javoban hukumat uchun ishlovchi oddiy fuqarolarni nishonga olmoqda.
Yanvar oyidan beri mingdan ortiq tinch fuqaro qurbon bo’lgan. Ular orasida bolalar ko’p, deydi Kubish.
Afg’oniston kelasi yili bo’lib o’tadigan saylovlarga hozirlik ko’rmoqda. Kubishning aytishicha, saylovga oid ikki muhim qonun loyihasining ortga surilishi ko’pchilikda saylovning adolat bilan o’tishiga shubha uyg’otmoqda.
“Ochiq va adolatli saylov o’tkazib, hukumatning tinch yo’l bilan o’zgarishini ta’minlash juda muhim. Yangi rahbariyat mamlakat ichida va xalqaro maydonda tan olinishi uchun saylovlar eng yaxshi vosita”, - deydi BMT rasmiysi.
Qatarda Tolibon idorasining ochilishi Afg’onistonga yoqmadi. Kobul Vashington boshchiligida tashkil etilayotgan tinchlik muloqotiga qo’shilishdan bosh tortdi. Kubishning aytishicha, tez orada ixtiloflar barham topib, Afg’on Oliy tinchlik kengashi va Tolibon o’rtasida yana muzokaralar boshlanishiga umid bor.
Afg’oniston elchisi Zohir Taninga ko’ra, Tolibonning Qatarda o’z idorasini Kobul bilan hisoblashmay ochishi tinchlikni istamayotganidan dalolatdir. Hamid Karzay ma’muriyati AQSh bilan bu borada muloqot olib bormasligini ma’lum qildi, chunki Vashington ittifoqchi sifatida Afg’oniston mustaqilligi va suverenitetiga daxl qiluvchi harakatlarga qarshi turishi kerak, deydi u.
AQSh esa Dohada ochilgan idorani Tolibon elchixonasi yoki alohida amirlik yoki hukumatning bo’limi sifatida ko’rmasligini, balki tinchlik muzokaralarini olib borish uchun ochilgan bir vosita sifatida qabul qilishini aytadi.
Elchi Tanin Afg’oniston hanuz terrorizm tahdidi ostida yashayotganini aytadi.
“Pokiston tuprog’ida terrorchilarni himoya qiluvchi elementlar mavjud ekan, Afg’onistonda ham, mintaqada ham aslo tinchlikka erishib bo’lmaydi.”, - deydi elchi Tanin.
Islomobod bunday qarashlarni rad etadi. Terrorizm Pokistonga ham, Afg’onistonga ham birdek tahdid soladi va har ikki davlat unga qarshi kurashda o’zaro hamkorlik qilishi kerak, deydi Pokiston ramsiylari.