Afrikada terror xavfi oshib bormoqda

  • Amerika Ovozi
BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda bo’lib o’tgan yig’inida Afrikada terror xurujlari soni oshayotgani va bunga qarshi kurashda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalasi ham tilga olindi.

Your browser doesn’t support HTML5

Afrikada terrorizm, Behzod Muhammadiy

Nayrobidagi Vestgeyt do’konlar majmuasida yuz bergan xuruj Afrikada terrorchilik keng quloch yoyib borayotganidan dalolatdir. AQSh prezidenti Barak Obama terror tarmoqlarini yo’q qilish bo’yicha hozirda Afrika yetakchilari bilan muloqot olib borayotganini ta’kidladi. Nigeriya prezidenti Gudlak Jonatan esa bu yo’lda barchani birlashishga chaqirdi.

“Dunyoning har qanday yerida yuz beradigan terror hujumi aslida hammamizga qaratilgan xurujdir. Biz barcha dunyo yetakchilarini terrorga qarshi birgalikda kurashishga da’vat etamiz”, - dedi u.

Nigeriya “Boko Haram” terrorchilariga qarshi kurash olib bormoqda. Ular al-Qoidaning ittifoqchisi Al-Shabab guruhi bilan aloqaga ega ekani aytiladi. Al-Shabab esa Keniyadagi hujum uchun mas’uliyatni o’z zimmasiga oldi.

Afrikada terrorchilikning kuchayishi ko’proq mahalliy omillarga bog’liq, deydi mintaqa bo’yicha tahlilchi Jeyson Mosli biz bilan Skype orqali suhbatda.

“Afrika xalqaro terrorizmning yangi jang maydoniga aylanyapti, deb bo’lmaydi. Aksincha, al-Qoida kabi xalqaro tashkilotlar mahalliy jangari guruhlarga mos g’oyalarni mintaqaga olib kirmoqda”, - deydi u.

Shu yil boshida Mali qo’shinlari Fransiya ko’magida al-Qoidani egallab olgan hududlaridan surib chiqargan edi. Ammo bu bilan hududdagi terrorchilikka butkul barham berilmadi, deydi Senegal rahbari Maki Sal.

“Malida qurolli odamlar kamaydi, lekin Sahelga nisbatan terror xavfi hanuz mavjud. Faqat kollektiv harakat orqaligina Afrikaning o’sib borayotgan xavfsizlik muammosini hal qilish mumkin”, - dedi u.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun muammolar ko’p ekanini tan oladi.

“Terror harakatlari, uyushgan xalqaro jinoyatchilik, jumladan, qurol-yarog’ va giyohvand moddalar savdosi barqarorlikka tahdid soladi. Biz, ayniqsa, mintaqaning yoshlari orasida radikalizmning o’sib borishidan ehtiyot bo’lishimiz kerak”, - dedi BMT rahbari.

Yaqinda Malida o’tgan sayovlar terrorga qarshi kurashda muvaffaqiyat qozonish mumkinligiga umidlarni oshirmoqda.

Prezidentlikka Ibrahim Bobajar Keytaning saylanishi ijobiy hol, deydi Burkina Faso prezidenti Blays Komparo.

“Sahel narkodilerlar va terrorchilar yashirinadigan joyga aylanib qolgan. Xalqaro kuchlar yordami va Malidagi saylov tufayli vaziyat biroz iziga tushganiga qaramay, mintaqa xavfsizligi uchun tahdid hanuz mavjud”, - deydi Komparo.

Ammo regionda nazorat qilish mushkul bo’lgan hududlar bor. Shu bois Malining demokratik boshqaruvi terror xavfini zaiflashtirsa ham, butkul yo’qota olmaydi, deydi “Human Rights Watch” tashkiloti mutaxassisi Sara Margon.

“Agar Mali olg’a siljib, tom ma’noda demokratiyani qayta tiklasa, muammolarning eng yomonini nazoratda ushlab turishi mumkin bo’ladi. Ammo mintaqada al-Qoida ta’siri kuchayib borar ekan, qo’shni davlatlardagi xavf ham tobora oshib boradi”, - deydi Margon.

Al-Shabab ta’sirining Somalidan Keniyagacha tarqalgani bunday guruhlarning faol va tez moslashuvchan ekanini ko’rsatadi. Ularga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyat o’z yordamini ayamayapti, deydi Keniyaning hukumat kotibi Jozef Ole Lenku.

“AQSh, Isroil, Britaniya, Germaniya, Kanada va boshqa tashkilotlar, xususan, Interpol ko’mak beryapti. Terrorizm - global muammo. Biz xalqaro axborot almashinuvini qo’llab-quvvatlaymiz. Chunki bu muammoni bartaraf etishda qo’l keladi”, - deydi u.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Keniyadagi xunrezlikni sodir etganlar jazoga tortilishiga ishonchi komil ekanini ta’kidladi.