BMT Bosh kotibi Orol dengizini ko'rib dahshatda

  • Amerika Ovozi

Orol dengizining Qozog'iston qismida

BMT Bosh kotibi Antoniu Gutterish 10-iyun kuni O'zbekistonga safar qilganida Orol dengizi bo'yiga ham bordi. Qoraqalpog'iston poytaxti Nukusda jamoatchilik bilan uchrashdi.
Afsuski, bugunga kelib Orol dengizining aksariyat qismi qurib bitgan. Qozog'istonga tegishli tarafi tiklangan. U yerda suv sathi oshib bormoqda. Dengizga hayot qaytgan, hatto mahalliy aholi baliqchilik qiladi.

Bugungi Orol dengizi

Orol dengizi ravnaqi uchun uzoq yillardan beri millionlab dollar ajratildi lekin vaziyat o'zgarmadi. O'zbekiston hukumati xalqaro sahnalardan turib bu borada ko'p bayonotlar bergan biroq samarasiz.

O'z taassurotlari haqida bayonot bergan Guterrish deydiki:

"Bir paytlar ichki dengiz sifatida hajm jihatdan to'rtinchi o'rinda turgan Orolning bugungi ahvoli meni chuqur shokka soldi. Zamonamizning eng yirik ekologik fojiasi bu. Inson sayyorani naqadar vayron qilishi mumkinligining yaqqol misoli."

Guterrish nazarida Orol dengizining boy berilishi iqlimdagi o'zgarishlar mahsuli emas. Suv boyliklaridan noto'g'ri foydalanish sabab bo'lgan, deydi BMT rahbari.

Ekspertlar tahlilicha, Sovet davrida resurslarni ishlatishda kelajak haqida o'ylanmagan va atrof-muhit muhofazasi va xalqlarning salomatligi hisobga olinmagan.​

Halokat boshlanganiga ancha bo'ldi. BMTning undan oldingi rahbarlari ham bu fojia haqida bilgan va kelib ko'rib ketgan.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Nukusda jamoatchilik vakillari bilan, 10-iyun, 2017

"Orol dengizi fojiasidan saboq olgan holda sayyoramizni asrab avaylashni o'rganishimiz kerak", - deydi rasmiy.

U xalqaro hamjamiyatni o'tgan yili Parijda imzolangan xalqaro bitimga amal qilishga undamoqda. Kelishuvga binoan barcha davlatlar o'z sanoatlaridan chiqayotgan zaharli gazlar miqdorini kamaytirishi zarur.

Hukumatlar, fuqarolar, bizneslar, shaharlar va boshqa tizimlar O'zbekistondagi singari halokatning oldini olish uchun qo'ldan kelgan barcha chorani ko'rishi lozim, deydi Guterrish.