BMT maxsus tergovchisi: Isroil qonunlarni buzishda davom etarkan, Falastin davlati hozircha xomxayol

  • Amerika Ovozi

“Falastinliklardan so’rasangiz, ular Isroil bilan yonma-yon yashashni tasavvur ham qila olmaydi”, - deydi Richard Fok

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Falastinni murosaga undamoqda. Ya’ni, deydi u, bu xalq o’z davlatiga ega bo’lishi uchun faqat o’z shartlarini qo’ya olmaydi.

Falastin tomonning asosiy sharti shuki, Isroil bosib olgan yerlarida, xususan Quddusning sharqiy qismlarida yahudiy aholi uchun uy-joy qurish ahdidan tamoman qaytishi va bu hududlarni tark etishi kerak.

O’tgan 10 oy davomida qurilish to’xtatilgan edi, lekin Isroil ularni qayta boshlashi mumkin degan xavotir bor. AQSh uni bu yo’ldan qaytishga undab kelmoqda.

Falastin iqtisodiy jihatdan juda og’ir ahvolda ekan, Amerika arab davlatlarini yordam berishga chaqirgan. Saudiya Arabistoni 100 million dollarlik ko’mak ko’rsatishga tayyor.

Richard Fok, BMTning Falastinda inson huquqlari bo’yicha maxsus tergovchisi fikricha, Isroil bu xalq hayotini shu qadar qiyinlashtirib qo’yganki, odamlar orasida yahudiy davlatiga zarracha ishonch yoki hurmat qolmagan.

“Falastinliklardan so’rasangiz, ular Isroil bilan yonma-yon yashashni tasavvur ham qila olmaydi”, deydi u.

“Ikki tomon bir-biri bilan nima haqda gaplashayapti? Mustaqil, suveren Falastin davlati qurish hozir ko’pchilik nazarida xomxayol”,- deya tushuntiradi BMT vakili.

Quddusning sharqiy qismlari...

Richard Fok taqdim etayotgan hisobotda qayd etilishicha, Isroil falastinliklarning uzviy huquqlarini va xalqaro qonunlarni muntazam ravishda buzib kelmoqda. Yaqinda Isroilda asoslangan “Peace Now” – tinchlikni targ’ib qiluvchi nohukumat tashklot ham shunga o’xshash xulosa bilan chiqqan va Iordan daryosining g’arbiy sohilida yahudiylar 600 dan ortiq uy qurishni boshlagan deb ogohlantirgan edi.

“BMT Xavfsizlik Kengashining 242-rezolyutsiyasiga binoan, Isroil bosib olgan yerlarni bo’shatishi va Falastin davlatiga asos solish uchun zamin hozirlanishi kerak. Lekin bu Isroildan har qanday qurilishni darhol to’xtatish, turli loyihalarni bekor qilish va umuman yangicha siyosat bilan chiqishni talab qiladi. Nazarimda Isroil bunga tayyor emas”,- deydi BMT maxsus tergovchisi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Falastin bizni tan olsa, qurilishlar yana to’xtatiladi deydi. Falastin esa bunday shartlarni hatto eshitishni ham xohlamaydi. “Qanday qurilish”? - deya so’raydi rasmiylar. “Yahudiylar umuman chiqib ketishi kerak bizning yerimizdan”,- deydi ular.