BMT Xavfsizlik Kengashi Falastin davlatchiligi va unga to’liq a’zolikni berish masalasini chorshanba kuni ko’rib chiqadi.
Kengashga raislik qilayotgan Livan diplomati Najaf Salom so’zlariga ko’ra, a’zo davlatlar kecha bu borada ilk bor majlis qilgan. Asosiy muhokama ertaga kunduz boshlanadi. Tafsilotlar ma’lum emas.
Falastin elchisi Riyod Mansur BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun masalani tezda Xavfsizlik Kengashiga oshirganidan mamnun.
“Ayrim davlatlar kengashga bosim o’tkazishga urinishi aniq. Lekin guruhda Falastinning do’stlari ham kam emas. Ular Falastin xalqiga adolat qiladi”, - deydi Riyod Mansur.
Masalani Falastin va Isroil o’zaro hal qilishi kerak deb kelayotgan Qo’shma Shtatlar avval boshdan veto huquqini qo’llashini aytgan. Shunga qaramasdan, 15 a’zolik idora hafta oxirida Falastin davlati taqdiri yuzasidan alohida qo’mita tuzmoqchi. Komitet xulosasini bir necha oy kutish kerak bo’ladi va shundan keyingina Xavfsizlik Kengashi masalani ovozga qo’yadi.
Qo’shma Shtatlar va Isroil kengash vakillarini qarshi ovoz berish yoki betaraflikka undamoqda. Guruhning to’rt muvaqqat a’zosi – Bosniya, Kolumbiya, Gabon va Nigeriyaning pozitsiyasi hali ma’lum emas.
Amerika Davlat kotibasi Xillari Klinton kecha Livan Bosh vaziri Najib Makatiy bilan Nyu-Yorkda gaplashib, Falastin taqdiri borasida shoshishga hojat yo’q, dedi. Klinton Kolumbiya va Xitoy diplomatlari bilan uchrashuvda ham ayni da’vat bilan chiqdi.
AQSh, BMT, Yevropa Ittifoqi va Rossiyadan iborat Yaqin Sharq tinchligi bo’yicha to’rtlik o’tgan hafta Isroil va Falastinni muzokara stoliga qaytishga chaqirib, murosa rejasini taklif qildi. Unga ko’ra, tomonlar uchrashib, yaqin 90 kunda xavfsizlik va chegara bo’yicha yechim bilan chiqishi kerak. 2012-yil oxirida esa tinchlik bitimi imzolanishi lozim.
Isroil va Falastin, jumladan, Iordan daryosining g’arbiy sohilida yahudiy mahallalari masalasida tortishmoqda. Isroil hududda qurilishdan voz kechmoqchi emas. Arablar esa bu yerlarni bo’lajak davlati uchun atab qo’ygan.