3,7 million qochqin bola maktabga bormaydi

  • Amerika Ovozi

Iordaniyadagi suriyalik qochqin bolalar

BMT qochqinlar agentligi joriy hafta e'lon qilgan yangi hisobotga ko'ra, jahonda 3,7 million qochoq bola maktabga borish imkoniga ega emas.

Qurolli nizo yoxud siyosiy beqarorlik ro'y berib, oilalar vatanni tark etgan hollarda bolalar nafaqat uyidan, balki bilimdan ham mahrum bo'ladi. Jenevada hisobotni e'lon qilgan BMT mulozimi Filippo Grandi qiz-o'g'illar yoshi katta bo'lgani sari vaziyat og'irlashadi, dedi:

"Qochqin bolalarning ellik foizi boshlang'ich ta'lim olish imkonidan mahrum bo'lgan. 22 foizi o'rta ta'lim olmoqda, xolos. Va faqat bir foizi universitetga qatnaydi. Qochqin bo'lishning eng fojeali, og'riqli jihatlaridan biridir bu", - dedi BMT mulozimi.

Grandining aytishicha, yegulik, suv va boshpana bu insonlar uchun ustuvor masala. Biroq ta'lim imkoni boy berilganida umidsizlik hissi bosadi. Maktabga borib, bilim olish, ko'nikma orttirish har bir o'sayotgan yosh o'g'il-qizning rivoji uchun nihoyatda muhim, dedi u.

BMT hisobotiga ko'ra, sifatli ta'lim odamlarda xavfsizlik hissini oshiradi, bolalar orasida oila qurishga chek qo'yib, bolalar ekspluatatsiyasi, erta homilardorlikni kamaytiradi.

BMT tahlilida yozilishicha, 2014-yilda maktab yoshidagi qochqinlar soni 30 foizga oshgan. Bu o'g'il-qizlarni o'qitish uchun qo'shimcha 20 ming muallim kerak. Qochoqlarni bag'riga olgan davlatlar muhtojlarning asosiy ehtiyojlarini qondiribgina qolmay, ularni o'qitish uchun joy va mablag' topishi kerak.

Xalqaro tashkilot global donorlarni joriy yil suriyalik qochoqlar uchun 4,5 milliard dollar yordam bilan ta'minlashga da'vat etmoqda. Shundan 662 millioni ta'limiy ehtiyojlar uchun zarur. Hozircha BMT mazkur mablag'ning faqat 39 foizini jamg'ara oldi.

O'tgan 2015-yilda ta'limiy maqsadlar uchun moliyaning katta qismi yilning oxirgi ikki oyida to'plangan. Bu esa, deydi BMT rasmiylari, mezbon mamlakatlar ta'limga doir uzoq muddatli rejalar ishlab chiqishiga to'sqinlik qilmoqda.