BMT: 2020-yilda qariyb 83 million odam uy-joyini tashlab ketgan

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

BMTga ko’ra, 2020-yilda qariyb 82,5 million odam ta’qiblar, inson huquqlarining poymol etilishi va jamoat tartibining buzilishi bilan bog’liq hodisalar tufayli uyini tashlab ketgan. Koronavirus bilan bog’liq cheklovlar va chegaralar yopilishiga qaramasdan ana shunday rekord ko’rsatkich qayd etilmoqda.

“Eng achinarlisi, o’tgan 10 yilda qochqinlar va majburan ko’chganlar soni ikki baravar oshdi. Shulardan taxminan 48 foizi bolalar yoki yoshlar. Butun bir avlod o’z mamlakatidan ajralib qolgan”, - deydi BMT vakili BMTning Qochqinlar bo’yicha oliy komissari yordamchisi Jillian Triggs.

Bugun dunyo aholisining 1 foizdan oshig’i, ya’ni har 95 kishidan biri, jumladan Suriya aholisining yarmi turar joyini tark etgan. Xalqaro miqyosda majburan ko’chganlarning eng katta guruhini ham suriyaliklar tashkil etadi.

“Ta’lim va ruhiy salomatlik dasturlari birgalikda olib borilishi lozim. Livanda yashayotgan suriyaliklarning ko’pi travmada. Ularga ta’lim qatorida psixologik va ijtimoiy yordam zarur”, - deydi “Meni qutqaring” tashkiloti rahbari Nensi Yammut.

Majburiy ko’chirilganlarning ikkinchi eng katta guruhi bu – venesuelaliklar. Aksariyati qo’shni Kolumbiyaga qochgan. O’tgan 10 yilda Markaziy Amerikada migratsiya darajasi 50 baravar oshgan. Ko’plar shimolga, AQSh tomonga yo’l oladi.

“Qochqinlarga jamiyatga og’irlik olib keladigan odamlar deb emas, balki iste’molchilar va iqtisodiy o’sishga hissa qo’shadigan odamlar deb qarash kerak”, - deydi AQSh Davlat departamenti rasmiysi Richard Olbrayt.

BMT hisobotiga ko’ra, 2020-yilda qarovsiz qolgan bolalar soni ham keskin oshgan. Iqlim o’zgarishi migratsiyani kuchaytirmoqda.

“Resurslarga, suv va yerga bo’lgan ehtiyoj; podani boqish va ekin yetishtirish – iqlim bularning hammasiga ta’sir qiladi, mojarolarni keltirib chiqaradi. Mojaro sabab odamlar ko’chadi”, - deydi BMT rasmiysi Jillian Triggs.

Hisobotda keltirishicha, majburan ko’chganlarning 86 foizi rivojlanayotgan davlatlarda qo’nim topadi.